Rimda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi
Aprel 21, 2026. 12:55 • 2 daq
• 87RIM, 21-aprel. /“Dunyo” AA/ Rimda buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning elchixonasi va Florensiya tarixiy markazi ko‘magida tashkil etildi.
Unda Italiyaning ilmiy-akademik doiralari, madaniyat va nashriyot sohasi, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda vatandoshlarimiz ishtirok etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston–Italiya munosabatlariga bag‘ishlangan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Italiyalik taniqli noshir Sandro Tetti “Temur tuzuklari” va “Boburnoma” kitoblari bo‘yicha fikr-mulohaza bildirib, ushbu asarlarning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Amir Temur va temuriylar davrining jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni, ularning siyosiy, iqtisodiy va madaniy merosi, qolaversa, Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi tarixiy aloqalar muhokama qilindi.
Temuriylar davri bilan shug‘ullanuvchi Yevropadagi yetakchi tadqiqotchilaridan biri, Neapol Sharq universiteti professori, “Yevroosiyo tadqiqotlari” jurnali muharriri Mikele Bernardi Amir Temur siymosi haqida to‘xtalib, Sohibqironning nafaqat sarkarda, balki murakkab siyosiy-madaniy jarayonlarni boshqarishga qodir davlat arbobi sifatida qobiliyatlari to‘g‘risida ham so‘z yuritdi.
Professor o‘zining “Tamerlano” nomli yangi kitobini ham taqdim etib, temuriylar davri davlatchilik anʼanalari, sanʼati va ko‘plab yutuqlari butun dunyoga yoyilganini qayd etdi.
Neapol Sharqshunoslik universiteti professori Lorenso Publichi o‘zining “Mo‘g‘ullar tarixi” va “O‘rta asrlarda Yevropa va Osiyo chorrahasi” nomli kitoblarida Zahiriddin Muhammad Bobur va Boburiylar sulolasi faoliyatiga to‘xtalib, temuriylar merosining Hindiston hamda Yevroosiyo hududiga qay tarzda tarqalgani xususida maʼlumot berdi.
Bolonya universiteti professori Andrea Zinzani o‘zining “Qadimgi Samarqand suv taʼminoti tizimi” asarida temuriylar davrida Samarqandning rivojlanishi haqida so‘z yuritar ekan, irrigatsiya, infratuzilma va shaharsozlik anʼanalari tufayli shahar Markaziy Osiyoning yirik iqtisodiy va madaniy markaziga aylanganini taʼkidladi.
O‘z navbatida, taniqli yozuvchi Rolando Montekalvo o‘zbek miniatyurasi misolida Temuriylar davrida miniatyura sanʼatining gullab-yashnaganini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev mamlakatimizda Sohibqiron tavalludining 690 yilligi keng nishonlanayotgani, xususan, “Amir Temur oyligi” doirasida poytaxt markazidagi Amir Temur xiyobonining obodonlashtirilishi hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyining qayta rekonstruksiya qilinganini alohida eʼtirof etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

