Tokioda “Salom, Yaponiya!” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Aprel 15, 2026. 15:50 • 2 daq
• 275TOKIO, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan “Uzbek Academic Club” aʼzolari va ushbu davlatda tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbirda talabalar, yosh tadqiqotchilar hamda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar qatnashdi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston elchisi Muxsinxo‘ja Abduraxmonov vatandoshlar bilan ishlash, ayniqsa yoshlar va ilmiy izlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash elchixona faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.
Tadbir davomida Yaponiyadagi ilmiy muhitning o‘ziga xos jihatlari – tartib-qoidaning muhimligi, yuqori talabchanlik va chuqur ilmiy yondashuv muhokama qilindi. Ushbu kunchiqar yurtda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik yoshlar soni tobora ortib borayotgani alohida qayd etildi.
Nagoya universiteti doktoranti Ulug‘bek Abdurahmonov o‘z taqdimotida ilmiy faoliyatni rivojlantirish, xalqaro akademik muhitga moslashish va tajriba almashish masalalari bo‘yicha maʼlumot berdi.
Tadbirda “Salom, Yaponiya!” kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu asarda Yaponiyada yashashga oid maishiy, huquqiy, konsullik va madaniy-gumanitar masalalar bo‘yicha maʼlumotlar hamda tavsiyalar jamlangan. Taqdimot davomida mualliflar kitob yaratilishi jarayoni va uning asosiy g‘oyalari haqida so‘z yuritdi.
Shu bilan birga, uchrashuv jarayonida Yaponiyada mashhur bo‘lgan “Gakumon no Susume” asarining o‘zbek tiliga tarjima qilingan kitob taqdimoti ham o‘tkazildi. Ushbu tarjima vatandoshlar tashabbusi bilan amalga oshirilib, uning o‘zbek tili nufuzini oshirish va ilmiy-maʼrifiy merosni keng jamoatchilikka yetkazishdagi ahamiyati eʼtirof qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

