Amir Temur merosi boʻyicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari Oʻzbekiston Prezidentiga murojaat yoʻllab, Buyuk Temuriylar merosini yanada oʻrganish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qildilar

TOSHKENT, 12-aprel. / “Dunyo” AA/. Oʻzbekiston Amir Temur merosini oʻrganish boʻyicha global markazga aylangani buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya yakunlari bilan yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi. 25 mamlakatdan tashrif buyurgan 300 dan ortiq ekspert Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga jamoaviy murojaat yoʻlladilar. Unda davlat rahbariga nufuzli forumni yuksak xalqaro darajada tashkil etgani uchun chuqur hurmat va samimiy minnatdorlik izhor etildi. Ishtirokchilar konferensiya Buyuk Temuriylar davri merosini har tomonlama oʻrganish, anglash va targʻib qilishga xizmat qiluvchi muhim global maydonga aylanganini alohida taʼkidladilar.
Toshkent va Samarqand shaharlarida oʻtgan forum ilmiy jamoatchilik, xalqaro tashkilotlar hamda madaniy muassasalar vakillarini birlashtirdi. Yalpi va shoʻba yigʻilishlari doirasida 200 dan ortiq ilmiy maʼruza taqdim etildi. Ular Temuriylar davridagi davlat boshqaruv va diplomatiyadan tortib, ilm-fan, sanʼat, meʼmorchilik hamda madaniy siyosatgacha boʻlgan keng qamrovli mavzularni oʻz ichiga oldi.
Ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining konferensiya qatnashchilariga yoʻllagan murojaatida ilgari surilgan gʻoyalar kelgusi tadqiqotlar uchun muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilishini alohida qayd etdilar. Jumladan, Temuriylar davridagi Ikkinchi Renessansni oʻrganish va uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini chuqur tahlil qilish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Prezident nomiga yoʻllangan murojaatda Amir Temur va Buyuk Temuriylar sulolasi merosi jahon tarixi ajralmas qismi ekani taʼkidlandi. Shuningdek, Sohibqironning davlatchilik tafakkuri, ilm-fan, madaniyat, shaharsozlik, diplomatiyaga boʻlgan eʼtibori hamda adolatli boshqaruv tamoyillari bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini saqlab qolayotgani qayd etildi.
Konferensiya yakunlariga koʻra, xalqaro ishtirokchilar Temuriylar merosini oʻrganishning yangi bosqichiga qaratilgan amaliy tashabbuslar paketini taqdim etdilar. Eng muhim natija sifatida xalqaro “yoʻl xaritasi” qabul qilindi. Unda davrni kompleks oʻrganish, ilmiy dasturlarni kengaytirish, fanlararo yondashuvlarni rivojlantirish, shuningdek, qoʻlyozma, arxiv va muzey merosini saqlash, restavratsiya qilish va raqamlashtirish ishlarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, yoshlarda tarixiy merosga hurmat tuygʻusini shakllantirishga qaratilgan taʼlim dasturlarini modernizatsiya qilish, Buyuk Temuriylar davri madaniy obyektlarini xalqaro maydonda targʻib etish hamda yosh tadqiqotchilarni grantlar, ilmiy loyihalar va akademik tashabbuslar orqali tizimli qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zaruratiga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, asrash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati ishtirokidagi qoʻshma loyihalarni kengaytirish muhim vazifa sifatida qayd etildi.
Xorijiy mehmonlar chiqishlarida Yangi Oʻzbekistonda tarixiy-madaniy
merosni asrash va targʻib qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalariga alohida urgʻu berildi. Oksford Islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Ahmad Nizomiy shunday taʼkidladi: «Yaqinda qayta taʼmirlangan Temuriylar muzeyiga tashrif bizda juda katta taassurot qoldirdi. Ekspozitsiyaning yuqori darajadagi yechimi, mazmunan chuqurligi va tarixiy haqqoniylikka berilgan eʼtibor merosni asrashga jiddiy va tizimli yondashuvni koʻrsatadi. Ushbu muhim
loyiha uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildiraman».
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham xalqaro darajada yuksak
baholandi va global miqyosdagi nufuzli ilmiy-maʼrifiy platforma sifatida eʼtirof etildi. London universitet kolleji Arxeologiya instituti loyihasi rahbari, doktor Milyana Radivoyevich taʼkidlaganidek, Markaz qisqa vaqt ichida katta oʻzgarishlarni boshdan kechirib, bugun zamonaviy muzey va ilmiy makonning eng yorqin namunasiga
aylandi:
“Oʻtgan yil may oyida bu yerda boʻlganimda, u hali shakllanish bosqichida edi. Bugun esa oldimizda oʻz koʻlami, mazmunan chuqurligi va vizual jozibasi bilan hayratga soluvchi toʻliq amalga oshirilgan loyiha turibdi. Eng muhimi, Markaz faqat ekspozitsiya bilan cheklanib qolmay, tadqiqot, taʼlim va bilimlarni ommalashtirishni birlashtirgan yaxlit ilmiy-maʼrifiy ekotizimni shakllantirmoqda”.
Madaniy dastur doirasida ishtirokchilar Samarqand shahriga tashrif buyurib, Imom Buxoriyga bagʻishlangan yangi yirik majmua va innovatsion muzey bilan tanishdilar. Mazkur obyekt xalqaro ekspertlar tomonidan maʼnaviy merosni zamonaviy talqinda namoyon etuvchi, ilmiy aniqlik, meʼmoriy ifoda va ilgʻor muzey texnologiyalarini uygʻunlashtirgan namuna sifatida yuqori baholandi. Taʼkidlanganidek, Samarqandda amalga oshirilgan ushbu loyiha islom sivilizatsiyasini asrash, oʻrganish va targʻib qilish sohasida yangi global standartlarni belgilamoqda.
“Al-Furqon” fondi direktori Sali Shaxsivari shunday dedi: “Bugun Oʻzbekistonda islomiy merosni asrash va rivojlantirish masalalariga davlat darajasida ustuvor ahamiyat berilmoqda. Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan Imom Buxoriy kabi zamonaviy va puxta oʻylangan majmualar buyuk maʼnaviy merosga boʻlgan chuqur hurmatni namoyon etib, uni ilmiy jihatdan oʻrganish va kelajak avlodlarga yetkazish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Bu milliy madaniy merosni global ilmiy va taʼlimiy makonga integratsiya qilish yoʻlidagi muhim qadamdir”.
Konferensiya Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bagʻishlangan keng qamrovli xalqaro tadbirlar doirasida tashkil etildi va uning merosini zamonaviy ilmiy va madaniy makondagi oʻrnini muhokama qilish uchun mutaxassislarni birlashtirdi. Ishtirokchilar Oʻzbekistonda ilm-fan, madaniyat va tarixiy merosni asrash sohalarida amalga oshirilayotgan
tashabbuslar xalqaro jamoatchilik tomonidan tobora katta qiziqish va eʼtirofga sazovor boʻlayotganini taʼkidladilar, bu esa ilmiy almashinuv va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Turkiy madaniyat va meros xalqaro jamgʻarmasi rahbari Aqtoʻti Raimqulova taʼkidlaganidek: “Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bugun muhim ilmiy va maʼnaviy markazlardan biriga aylandi. Amir Temur va Temuriylar davridagi Ikkinchi Renessansga bagʻishlangan ekspozitsiyalar mazmunan chuqurligi va yuksak badiiy saviyasi bilan ajralib turadi”.
TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev ham mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berib, shunday taʼkidladi: “Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bugun ilmiy tadqiqotlar faollashmoqda, yangi asarlar nashr etilmoqda, zamonaviy madaniy-ilmiy infratuzilma shakllantirilmoqda. Mamlakatda barpo etilayotgan institut va loyihalar bugunning oʻzidayoq noyob boʻlib, amalga oshirilayotgan jarayonlar koʻlami Uchinchi Renessansning isboti sifatida baholanishi mumkin”.
Yakunda ishtirokchilar Amir Temur va Buyuk Temuriylar sulolasi merosini oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha olib borilayotgan tizimli ishlar yangi sifat bosqichiga koʻtarilishiga, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga hamda jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga salmoqli hissa qoʻshishiga qatʼiy ishonch bildirdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi