Logo

Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi muzeyda Amir Temur maqbarasiga tegishli g‘ayrioddiy tarixiy artefakt saqlanmoqda

Fevral 25, 2026. 14:55 • 2 daq

62
Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi muzeyda Amir Temur maqbarasiga tegishli g‘ayrioddiy tarixiy artefakt saqlanmoqda

YEKATERINBURG, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona tashabbusi bilan Yekaterinburg shahrida joylashgan Sverdlovsk viloyati o‘lkashunoslik muzeyida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan va madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga muvofiq tashkil etildi.

Uchrashuv davomida mazkur muzeyda buyuk tariximiz bilan bog‘liq ilmiy asarlar, tarixiy atiqalar, moddiy ashyolar va boshqa ahamiyatga molik eksponatlar ko‘zdan kechirildi.

Muzey maʼmuriyati maʼlumotiga ko‘ra, hozirgi kunda bu maskanda g‘ayrioddiy tarixiy artefakt – Amir Temur maqbarasidan olingan marmar plitaning qoldig‘i saqlanib kelinmoqda ekan. Konsulxona diplomatlari mazkur tarixiy artefaktni ko‘zdan kechirib, bu noyob eksponatning qanday qilib bu yerga kelib qolgani bilan qiziqdi.

Aniqlanishicha, bu marmar plita parchasi Rossiya imperiyasining Turkiston o‘lkasiga yurishi vaqtida (1868-1878-yillar) general-leytenant Aleksandr Baranov tomonidan Uralga olib kelingan. Chor Rossiyaning Turkiston o‘lkasiga hujimi davomida Samarqand shahridagi Temuriylar maqbarasi vayron qilingan va noyob marmar plita parchasi olib ketilgan. Keyinchalik, Aleksandr Baranov olib kelingan maqbara plita parchasini Ural-Sibir ko‘rgazmasiga (1887 yil) taqdim etgan hamda Sverdlovsk viloyati o‘lkashunoslik muzeyiga hadya qilgan.

Hozirgi kunda mazkur Amir Temur maqbarasining marmar plita parchasi Sverdlovsk viloyati o‘lkashunoslik muzeyida saqlanib kelinmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish