Anqarada O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi
Iyul 23, 2026. 12:00 • 2 daq
• 117
ANQARA, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Turkiyada Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “TÜRKTAV” kolleksiyasidagi “O‘zbekiston tarixi va madaniy merosi” nomli ko‘rgazma tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anqara sanʼat va haykaltaroshlik muzeyida o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rgazmada O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy merosi hamda turkiy dunyo xalqlarining umumiy qadriyatlarini aks ettiruvchi eksponatlar namoyish etilmoqda. Ekspozitsiyadan “TÜRKTAV” fondidagi O‘zbekiston tarixi, milliy madaniyati va maʼnaviy merosini aks ettiruvchi noyob buyumlar o‘rin olgan.
Mazkur ko‘rgazma turkiy xalqlar tarixi, tili va madaniyatini o‘rganish hamda targ‘ib qilish, ularning tarixiy merosini asrab-avaylash bilan shug‘ullanuvchi Turkiy tarix va madaniyat jamg‘armasi (“TÜRKTAV”) kolleksiyasi asosida o‘tkazildi.
Tadbir davomida “TÜRKTAV” raisi Nizamettin Aykurt loyihani qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi va mamlakatning turkiy sivilizatsiya markazlaridan biri sifatidagi muhim o‘rnini taʼkidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qo‘shma madaniy tashabbuslar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga, shuningdek, turkiy dunyo xalqlari o‘rtasidagi tarixiy va maʼnaviy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi