O‘zbekiston va Turkiya tikuv-trikotaj hamda charm-poyabzal sanoatida hamkorlikni kengaytirmoqda
Noyabr 07, 2026. 15:30 • 2 daq
• 33ISTANBUL, 7-noyabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 1–4-noyabr kunlari Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Ruhullo Zikrillayev boshchiligidagi delegatsiyaning Turkiyaga amaliy tashrifi uyushtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida to‘qimachilik mahsulotlari, tayyor kiyim-kechak, charm-poyabzal buyumlari va butlovchi qismlar ishlab chiqarish hamda sotishga ixtisoslashgan yirik turk kompaniyalarining rahbariyati, shuningdek, sohaviy tarmoq birlashmalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xususan, “LC Waikiki”, “DeFacto”, “Seamo”, “Islamoglu Tekstil”, “Fermas Fermuar”, “AVVA”, “adL (Adil Işık Group)”, “Damat Tween (Orka Holding)”, “Koton”, “Mavi” va “DoCotton Group” kompaniyalari, shuningdek, Turkiya poyabzal ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi (TASD), Poyabzal butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi (AYSAD), Istanbul tayyor kiyim-kechak eksport qiluvchilar assotsiatsiyasi (İHKİB) hamda Poyabzal tarmog‘ini rivojlantirish fondi (TASEV) vakillari bilan muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Turkiya tomoniga O‘zbekistonda to‘qimachilik, tikuv-trikotaj va charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya muhiti, mamlakatning ishlab chiqarish va xomashyo salohiyati, shuningdek, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Muloqot chog‘ida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, xorijiy kompaniyalar bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va O‘zbekistonda tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Taqdim etilgan imkoniyatlar turk ishbilarmon doiralarida katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, kompaniyalar vakillari O‘zbekistonda ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish hamda tayyor mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



