Jizzaxning investitsiya va turizm imkoniyatlari xorijiy diplomatlarda katta qiziqish uyg‘otdi
Noyabr 07, 2026. 16:00 • 3 daq
• 36JIZZAX, 7-noyabr./“Dunyo” AA/. Jizzax viloyatiga tashrif buyurgan xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari vakillari “AYDAR-ARNASOY RESORT COMPLEX” MCHJ faoliyati hamda hududda yaratilgan turizm va dam olish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mehmonlar uchun Jizzax viloyatining investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi. Unda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azizjon Ibragimov hududdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati, turizm sohasidagi imkoniyatlar, istiqbolli investitsiya loyihalari hamda xorijiy davlatlar bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalari xususida atroflicha ma’lumot berdi.
Shuningdek, Jizzax viloyati tumanlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, mavjud investitsiya imkoniyatlari va rejalashtirilayotgan xalqaro qo‘shma loyihalar haqida ham so‘z yuritildi.
Mirzacho‘l tumani hokimi Sanjar Abdumurodovning qayd etishicha, ayni paytda tumanda ham xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilib, qator istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Hududda 32 ming gektar sug‘oriladigan yer mavjud bo‘lib, yiliga 85 ming tonna paxta va 65 ming tonna g‘alla yetishtiriladi.
Qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari izchil rivojlanib, eksport hajmi-2025-yilda 8,3 million AQSH dollarini tashkil etgan. Shu bilan birga, tumanda xorijiy sarmoyalarni jalb etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish va eksportbop mahsulotlar turini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uchrashuv davomida Forish tumanining tabiiy resurslari, foydali qazilmalari, energetika va turizm sohalarini rivojlantirish borasidagi salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot ham mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
“Umumiy maydoni 953,5 ming gektarni tashkil etuvchi tumanimizda 22,2 million tonna bazalt, 131,3 million tonna sement xomashyosi va boshqa qurilish materiallari zaxiralari mavjud. Turizm sohasida esa Aydarko‘l sohili, Nurota tog‘lari, Oxum va Sayyod qishloqlari hamda Mojrumdagi ming yillik archa ekoturizm, tog‘ turizmi va zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Ushbu salohiyatdan samarali foydalanish orqali tumanga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va yangi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirishni maqsad qilganmiz”, deydi Forish tumani hokimi o‘rinbosari Behzod Erkinov.
O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiyasini yanada rivojlantirish, xorijiy hamkorlar bilan amaliy aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan uchrashuvlar doirasida mehmonlar mahalliy tadbirkorlar bilan ham muloqot qilib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mavjud aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.
“Kecha viloyatdagi yirik sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishgan edik. Bugun esa Arnasoydagi turizm va dam olish maskanida yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdik. Taassurotlarim bir olam. Jizzax viloyatiga amalga oshirilgan mazkur safar kelgusida O‘zbekiston va Belgiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylayman”, deydi Belgiyaning O‘zbekistondagi elchisi Matias Kende.
Gretsiyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Xristos Sklivanosning ta’kidlashicha, xorijiy diplomatlar Jizzax viloyatiga tashrif davomida nafaqat hududning turistik salohiyati bilan tanishish, balki ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va istiqbolli hamkorlik loyihalarini muhokama qilish imkoniga ham ega bo‘ldi.
Mazkur tashrif xorijiy diplomatik korpus vakillariga Jizzax viloyatining investitsiyaviy va turistik salohiyatini bevosita o‘rganish, mahalliy tadbirkorlar bilan muloqot o‘rnatish hamda kelgusida o‘zaro manfaatli sheriklik loyihalarini amalga oshirishda yangi imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



