Germaniyada O‘zbekistonning turistik va iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi

Noyabr 07, 2026. 17:00 • 2 daq

• 7
Germaniyada O‘zbekistonning turistik va iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi

KYONIGSVINTER, 7-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Kyonigsvinter shahrida mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosi, turistik va iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston – qadimgi va zamonaviy Ipak yo‘lidagi mamlakat” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nemis-o‘zbek jamiyati (Deutsch-Usbekische Gesellschaft e.V.) tomonidan O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir O‘zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan Germaniya jamoatchiligi vakillarini birlashtirdi.

Forum doirasida Nemis-o‘zbek jamiyati prezidenti doktor Kolin Dyurkop va fotosuratchi Annette Flek ishtirokchilarga O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar davomida olingan fotosuratlar, videomateriallar va taassurotlarini taqdim etdilar. Samarqand, Buxoro va Xivaning tarixiy shaharlari, tabiiy diqqatga sazovor joylar, jumladan, Qizilqum cho‘li va Orolbo‘yi mintaqasi, shuningdek, o‘zbek mehmondo‘stligi an’analari hamda Farg‘ona vodiysi hunarmandchilik merosiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistondagi zamonaviy o‘zgarishlar, infratuzilmani rivojlantirish, raqamlashtirish, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish va xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari alohida muhokama mavzusiga aylandi.

Shuningdek, madaniy-ma’rifiy, gastronomik, ekologik va sayyohlik turlarini o‘z ichiga olgan turizm tarmog‘ini rivojlantirish istiqbollari, transport infratuzilmasini takomillashtirish hamda mehmonxonalar biznesini kengaytirish masalalari taqdim etildi.

Tadbirda Nemis-o‘zbek jamiyati ilmiy-ta’lim sohasidagi almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlash, shaharlar o‘rtasida qardoshlik munosabatlarini rivojlantirish va qo‘shma biznes tashabbuslarini amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgani ta’kidlandi.

Forum O‘zbekistonning turistik va investitsiyaviy salohiyatini keng targ‘ib qilish, shuningdek, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlash maydoniga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish