Malayziyada o‘tkazilgan O‘zbek tili va madaniyati kuni turli oliy o‘quv yurtlari talablarini birlashtirdi
Oktabr 29, 2026. 18:00 • 2 daq
• 152KUALA-LUMPUR, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda malayziyalik oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbek yoshlari ishtirokida “O‘zbek tili va madaniyati kuni – 2026” tadbirini tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Malayziyaning yetakchi universitetlari, jumladan, “Malaya”, “UCSI”, “IIUM”, “Xiamen” va boshqa ta’lim muassasalari talablari, shuningdek, O‘zbekiston jahon yoshlar assotsiatsiyasining Kuala-Lumpur shahridagi vakillari hamda Elchixona huzuridagi “O‘zbek tili do‘stlari” klubi a’zolari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova tadbirni ochib berar ekan, xorijda o‘zbek tili va milliy madaniyatni asrab-avaylash hamda targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘zlab berdi. U, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish to‘g‘risidagi qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini batafsil tushuntirdi.
Shu bilan birga, davlatimiz tomonidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sifatli ta’lim olishi hamda kasbiy jihatdan rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratish borasidagi davlat siyosatiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir dasturidan taqdimotlar, she’riyat chiqishlari, “Zakovat” intellektual o‘yini, milliy raqslar va o‘zbek milliy taomlari bilan tanishish o‘rin oldi. Intellektual bellashuvda ishtirokchilar o‘z bilim va topqirligini namoyish etdilar. Musobaqaning birinchi turidagi ilk savolni “Zakovat” intellektual klubi prezidenti Abdurasul Abdullayev onlayn tarzida yo‘lladi.
Tadbir yakunida faol qatnashchilar, tashkilotchilar hamda intellektual o‘yin g‘oliblariga esdalik va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston jahon yoshlar assotsiatsiyasining bir nechta koordinatorlariga maxsus sertifikatlar berildi.
Ishtirokchilar xorijdagi yoshlar o‘rtasida ona tili, milliy an’analar va madaniy merosni asrab-avaylash muhimligini ta’kidladilar. Ular O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash va mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



