Mozori Sharifda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
Noyabr 02, 2026. 18:30 • 2 daq
• 248MOZORI SHARIF, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Ariana” majmuasida Balx va Faryob viloyatlari o‘zbek ziyolilari tashabbusi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda 300 ga yaqin kishi ishtirok etdi.
Balx viloyati Axborot va madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Muhammadullo Zarror ishtirokchilarni qutlab, bu kabi tadbirlar Afg‘onistonda millatlararo totuvlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. U viloyat hokimi Muhammad Yusuf Vafaning tabrigini yetkazib, turli xalqlarning madaniy merosini asrab-avaylashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Mahalliy ziyolilar vakillari, jumladan, Balx universiteti rektori Sayid Muhammad Hoshimiy va o‘zbek tili kafedrasi mudiri Yoqub Qarash o‘z so‘zlarida o‘zbek tilining tarixi, uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida so‘z yuritdilar.
Tadbirda Alisher Navoiy, Lutfiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Boborahim Mashrabning boy adabiy merosiga alohida e’tibor qaratilib, Afg‘onistonda o‘zbek tilini asrab-avaylash va yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Yosh ziyolilar Mozori Sharifda o‘zbek tili markazini tashkil etish, yosh shoir va yozuvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun nashriyot ochish, shuningdek, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha malakali o‘qituvchilarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdilar.
O‘zbekiston Konsulxonasi vakili davlat tilini rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda bu boradagi o‘zbek-afg‘on hamkorligini kengaytirish istiqbollari haqida ta’kidladi.
Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar va savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib borayotganini qayd etdilar. Xususan, O‘zbekiston ko‘magida Mozori Sharifda Imom al-Buxoriy nomidagi madrasalar majmuasi qurilayotgani va Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgani yuksak baholandi.
Tadbir doirasida afg‘onistonlik o‘zbek shoirlari o‘z she’rlarini o‘qidilar, shuningdek, mahalliy rassomlarning kartinalari, o‘zbek mualliflarining kitoblari hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



