Pekindagi bayram “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida o‘tkazildi

Noyabr 18, 2026. 08:10 • 2 daq

• 318
Pekindagi bayram “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida o‘tkazildi
Pekindagi bayram “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida o‘tkazildi
Pekindagi bayram “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida o‘tkazildi

PEKIN, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilinganining 35-yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbirida Xitoy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan vatandoshlar hamda Pekin shahrida xizmat safarida bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilariga “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston bayrog‘i mamlakatimiz ramzi, xalqimizning tarixiy yo‘li, madaniyati va qadriyatlarini o‘zida aks ettiruvchi timsol ekani qayd etildi.

Mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzi tobora oshib borayotgani, madaniyat, sport va ilm-fan sohalarida katta g‘alabalarga erishilayotgani, O‘zbekistonning davlat bayrog‘i jahon uzra baland ko‘tarilayotgani ta’kidlandi.

Vatandoshlar O‘zbekistonda ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirilib, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishlarni izchil rivojlantirishga hissa qo‘shishga chorlandi.

Ochiq va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tgan tadbir yakunida fuqarolarimiz o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Ishtirokchilar o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘ldi.

Bekzod Safarov, Pekin Xalqaro biznes va iqtisodiyot universiteti talabasi:

– Bugun elchixonamizda O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilinganining 35-yilligini keng nishonladik.

Hamyurtlarim bilan ko‘rishib, suhbatlashganimdan juda xursand bo‘ldim. Biz elchixonada o‘zimizni doimo vatandagidek his qilamiz. Bayram munosabati bilan tashkil etilgan tadbir ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Diplomatlar vatandoshlarga doimo ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdilar.

Bugungi bayram bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklayman. Bayrog‘imizning dunyo hamjamiyatida hilpirayotganidan faxrlanaman.

Muhammadyusuf Asadiy, Xitoy Shimoliy texnologiyalar universiteti talabasi:

– Barcha hamyurtlarimizni davlat bayrog‘imiz qabul qilinganining 35-yilligi bilan samimiy qutlayman.

Vatandan olisda, xorijda bayrog‘imizning hilpirashi qalbimizda g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi. Biz uchun davlat bayrog‘i yuksak faxr-iftixor timsolidir.

Bayrog‘imiz O‘zbekistonni dunyoga tanitib turuvchi muqaddas timsollardan biridir. Ushbu timsolning doimo yuksaklarda hilpirab turishini istayman va uni baland ko‘tarish, avaylab-asrashga o‘z hissamni qo‘shaman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish