Varshavadagi Shlensk-Dombrov ko‘prigi O‘zbekiston davlat bayrog‘i ranglariga burkandi
Noyabr 18, 2026. 15:30 • 3 daq
• 149VARSHAVA, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Varshava shahrida O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan Shlensk-Dombrov ko‘prigi milliy bayrog‘imiz ranglari bilan yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bayram tadbiri 16-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ko‘prik qarshisidagi asosiy kuzatuv maydonchasiga Polsha oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan vatandoshlarimiz yig‘ildilar. Qo‘llarida milliy bayroqlar bilan bayramni ko‘tarinki ruhda nishonladilar. Ko‘prikning yoritilishi mahalliy aholi va xorijiy mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi, ular talabalarga qo‘shilib, ko‘prik fonida esdalik suratlarga tushdilar.
Ishtirokchilar ushbu tashabbus O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning, shuningdek, Polsha tomonining mamlakatimiz davlat ramzlariga bo‘lgan hurmatining yaqqol ifodasi ekanini ta’kidladilar. Polshada yashayotgan va o‘qiyotgan vatandoshlarimizda katta taassurot qoldirgan mazkur aksiya vatan bilan faxrlanish tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. Varshavaning tarixiy markazida, Eski shahar qarshisida o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston milliy ramzlarini xorijda targ‘ib qilishda muhim qadam bo‘ldi.
Varshava universiteti talabasi Orifjon Otaboyev:
– Bugun O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi Eski shahar yaqinidagi ko‘prikni bayrog‘imiz ranglari bilan yoritdi. Biz vatandoshlar bilan birga yig‘ildik va buni ko‘rish biz uchun katta sharafdir.
Vistula universiteti talabasi Doniyorbek Yusupov:
– Men Vistula universitetida xalqaro munosabatlar yo‘nalishida o‘qiyman. Bugun bayrog‘imiz kuni munosabati bilan O‘zbekiston elchixonasi tashkil etgan bayramga yig‘ildik. Varshavaning markaziy ko‘prigida O‘zbekiston bayrog‘i ranglari paydo bo‘ldi. Uzoqda bo‘lsak ham, vatandoshlar bir joyga to‘plandik. Bu bizda faxr tuyg‘usini uyg‘otmoqda, hamma narsa bizga vatanni eslatadi.
Polsha fuqarosi Milena:
– Men Visla qirg‘og‘i bo‘ylab ketayotib, O‘zbekiston ranglariga burkangan ko‘prikni ko‘rdim. Bu mamlakatning ranglari qandayligini bilaman, chunki u bilan tanishman. O‘zbek milliy taomlarini tatib ko‘rganman va bu mamlakat haqida ko‘proq bilishni istayman.
Polsha fuqarolari Yan va Barbara Novak:
– Biz Varshavadan O‘zbekistonga uchgan birinchi guruhda edik. Toshkentga, u yerdan esa tezyurar poyezdda Samarqand, so‘ng Buxoro, Xiva va Orol dengiziga – qachonlardir dengiz bo‘lgan joyga bordik. Mamlakat bizda juda ijobiy taassurot qoldirdi. Varshavaga qaytgach, xuddi sizning mamlakatingiz elchilari kabi bu yerda O‘zbekistonda qanchalik yaxshi va qiziqarli ekanini gapirib bera boshladik. Barcha insonlaringiz samimiy, mehmondo‘st doimo kulib turishadi. Ajoyib jamiyat. Ko‘prikka kelsak, biz shu yerda, Visla bo‘yida, Povisle tumanida yashaymiz. O‘zbekiston bayrog‘i ranglaridagi ko‘prikni ko‘rish bizga juda yoqdi.
Vistula universiteti talabasi Jahnoza Qalnazarova:
– Bugun O‘zbekiston bayrog‘i kuni munosabati bilan elchixona Varshavaning eng yirik ko‘priklaridan birini bayroq ranglari bilan yoritdi. Bu alohida kayfiyat bag‘ishlaydi, o‘zbekistonlik birodarlar bilan uchrashish esa uy sog‘inchini yengishga yordam beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


