O‘zbekiston Shotlandiyaning yetakchi investitsiya va konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Noyabr 18, 2026. 14:30 • 2 daq
• 5EDINBURG, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Shotlandiyaga amaliy tashrifi doirasida ushbu mintaqaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarda investitsiyalarni jalb qilish, xususiylashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, energetika va tabiiy resurslar sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, “Baillie Gifford” investitsiya kompaniyasining bosh ijrochi direktori Tim Kempbell bilan uchrashuvda ushbu kompaniyaning O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya vakillari O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlaridagi faoliyatini diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidladilar. Xususan, “UzNIF” aksiyalarining London fond birjasida dastlabki ommaviy joylashtirilishi (IPO) natijalariga yuqori baho berildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro kapital bozorlariga yanada kengroq chiqish borasidagi istiqbolli rejalari ijobiy baholandi. Shu munosabat bilan “Baillie Gifford” kompaniyasi tegishli tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
“Wood Mackenzie” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Saymon Flauers bilan o‘tkazilgan muzokaralarda esa energetika, tabiiy resurslar, investitsiyalarni jalb qilish va sohaviy ekspertlik yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga asosiy e’tibor qaratildi.
Uchrashuvlar yakunida O‘zbekistonda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish maqsadida mazkur ikkala kompaniya bilan hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

