Vladivostokda O‘zbekiston madaniyati va milliy qadriyatlari namoyish etildi
Noyabr 06, 2026. 08:55 • 2 daq
• 185VLADIVOSTOK, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyada Xalq birligi kuni munosabati bilan Tinch okeani davlat tibbiyot universitetida tahsil olayotgan xorijlik, jumladan, o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Primorsk o‘lkasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, turli millat diasporalari a’zolari, mahalliy aholi, faol vatandoshlar hamda o‘zbekistonlik talabalar qatnashdi.
Tadbir doirasida talabalar tomonidan O‘zbekistonga bag‘ishlangan ko‘rgazma namoyish etildi. Unda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sayyohlik imkoniyatlari, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar haqida ma’lumot berildi. Ayniqsa, “Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” konsepsiyasi doirasidagi ishlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, o‘zbekistonlik talabalar o‘zbek tilida she’rlar o‘qib, ona tilimizning tarixi, milliy madaniyat va qadriyatlarni saqlashdagi o‘rni haqida ma’ruzalar taqdim etdi. Ishtirokchilar o‘zbek tili xalqimizning ma’naviy boyligi, mustaqilligi va milliy birligining muhim ramzi ekanini ta’kidladi.
Tadbirning eng qiziqarli lahzalaridan biri o‘zbek milliy taomlari targ‘ibiga bag‘ishlandi. Mehmonlar uchun palov tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi tashkil etilib, talabalar va havaskor oshpazlar o‘rtasida osh tayyorlash tanlovi o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati va milliy qadriyatlarini xorijda keng targ‘ib etish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


