Logo

O‘zbekistonda 18 ta Iordaniya kompaniyasi samarali faoliyat yuritmoqda

Fevral 17, 2026. 18:53 • 2 daq

111
O‘zbekistonda 18 ta Iordaniya kompaniyasi samarali faoliyat yuritmoqda

AMMON, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 33 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning Iordaniyadagi elchisi Nodirjon Turganov xorijlik jurnalistlarga intervyu berdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur intervyu Iordaniyaning qator ommaviy axborot vositalarida, xususan, “Petra”, “Ammon News”, “Al-Vakai Al-Ixbariya”, “Ar-Ray” nashrlarida chop etildi.

Suhbat chog‘ida elchi ikki tomonlama strategik hamkorlik munosabatlar yuqori bosqichga ko‘tarilgani haqida gapirgan. U 2025 yil sheriklikni rivojlantirish uchun g‘oyat samarali yil bo‘lganini alohida taʼkidlagan.

O‘nlab rasmiy tashriflar siyosiy muloqotni sezilarli darajada mustahkamlab va qo‘shma loyihalar uchun yangi istiqbollar ochgan. Ular orasida Iordaniya Qiroli Abdulla IIning 2025 yil avgust oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi alohida ajralib turadi. Bu ikki mamlakat munosabatlari tarixida muhim bosqich bo‘ldi va oliy darajadagi aloqalarni yana-da chuqurlashtirishga zamin yaratdi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, tashrif yakunlari bo‘yicha siyosiy muvofiqlashtirish, investitsiyalar, savdo, qishloq xo‘jaligi va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, umumiy islom anʼanalari va qadriyatlari asosida gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun mustahkam poydevor yaratgan qator bitim va qo‘shma bayonotlar imzolandi.

Tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolangan amaliy harakatlar rejasi o‘zaro tashriflar va muzokaralar orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa investitsiya, savdo va madaniyat sohalarida, xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlikni jadallashtirish imkonini berdi.

Iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Tovar ayirboshlash o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar oshdi. Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish tarmog‘i muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Buning natijasida Iordaniya bozoriga ko‘p miqdorda o‘zbek qandolat mahsulotlari yetkazib berildi.

O‘zbekistonda 18 ta Iordaniya kompaniyasi faoliyat yuritmoqda, yaqin kelajakda xususiy sektorni faollashtirish uchun O‘zbekiston–Iordaniya ishbilarmonlar kengashini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Umumiy islom merosi va ikki xalqning boy tarixiga asoslangan madaniyat, taʼlim va turizm sohasidagi hamkorlik ustuvor bo‘lib qolmoqda. Iordaniyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi 200 foizdan oshdi, Toshkent va Ammon o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Iordaniya universitetlarida o‘nlab o‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Jahon islom fan va taʼlim universiteti o‘rtasidagi sheriklik faol rivojlanmoqda. Elchi yaqin kelajakda erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish va hamkorlikni yana-da kengaytirish orqali o‘zaro hurmat va umumiy qadriyatlarga asoslangan sheriklik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish