O‘zbekiston va BAA o‘rtasida ekologiya sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Iyun 22, 2026. 15:00 • 2 daq

88
O‘zbekiston va BAA o‘rtasida ekologiya sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

ABU-DABI, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning BAAdagi elchixonasi diplomatlari “Zayed International Foundation for the Environment” jamg‘armasi raisi Muxammad Axmad bin Fahad bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish hamda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Muxammad Axmad bin Fahad jamg‘arma faoliyati haqida to‘xtalib, tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro ekologik dasturlar, tabiiy resurslarni asrash, biologik xilma-xillikni saqlash, daraxt ekish va cho‘llanishga qarshi kurashga qaratilgan loyihalar xususida so‘z yuritdi. Jamg‘arma aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish hamda ekologik ta’limni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirayotgani qayd etildi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston diplomatlari mamlakatda atrof-muhitni muhofaza qilish, Orolbo‘yi ekologik vaziyatini yaxshilash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, “yashil” infratuzilmani kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.

Tomonlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va global ekologik muammolarga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Shu munosabat bilan ekologiya, iqlim o‘zgarishi va tabiatni muhofaza qilish sohalarida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, ekologik ta’lim sohasida tajriba almashish, mutaxassislar ishtirokida seminar va konferensiyalar tashkil etish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy va tashkiliy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv yakunida jamg‘arma vakillari ekologik ta’limni rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirib, O‘zbekiston tomoniga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish masalalariga oid maxsus o‘quv materiallari va adabiyotlarni taqdim etish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish