Pekinda “O‘zbekistonning mangu go‘zalligi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Avgust 04, 2026. 14:30 • 2 daq

6
Pekinda “O‘zbekistonning mangu go‘zalligi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Pekinda “O‘zbekistonning mangu go‘zalligi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Pekinda “O‘zbekistonning mangu go‘zalligi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

PEKIN, 4-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoy poytaxtida “O‘zbekistonning mangu go‘zalligi” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Taqdimot marosimida mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi vakillari, taniqli yozuvchilar, professor o‘qituvchilar hamda faol yoshlar ishtirok etdi.

Ushbu kitob Xitoy xalqaro sanʼat taʼlimi va madaniy akademik assotsiatsiyasi rahbari Ananda Jao hamda O‘zbekistondagi “Shine” qizlar akademiyasi rahbari, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Shohida Yusupova muharrirligida tayyorlangan.

Yurtimizda turli sohalarida faoliyat yuritayotgan iqtidorli xotin-qizlar qalamiga mansub hikoyalar, sheʼrlar, maqolalar va esselar jamlangan ushbu kitob ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi.

Loyihaning asosiy maqsadi – Yangi O‘zbekistonning boy madaniy merosi va ijodiy salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, xotin-qizlarning intellektual imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar va do‘stlik rishtalarini yana-da mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

“Shine” qizlar akademiyasi xotin-qizlarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishiga qaratilgan qator tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda. Akademiyada shu kunga qadar 70 mingdan ortiq xotin-qizlar shaxsiy rivojlanish, xorijiy tillarni o‘rganish hamda xalqaro maydonga chiqish yo‘nalishlarida taʼlim olishgan.

Pekinda o‘tkazilgan mazkur taqdimot respublikamizning bilimli va iqtidorli xotin-qizlari ovozi xalqaro miqyosda tobora kengroq yangrayotgani, milliy madaniyatimiz va maʼnaviy merosimiz esa dunyo hamjamiyatida munosib eʼtirof etilayotganining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish