Serdar Cham: O‘zbekiston erishayotgan yutuqlar butun turkiy dunyo uchun faxr-iftixordir

Avgust 04, 2026. 11:20 • 3 daq

69
Serdar Cham: O‘zbekiston erishayotgan yutuqlar butun turkiy dunyo uchun faxr-iftixordir

ANQARA, 4-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Serdar Cham O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi:

– Avvalo, qardosh va do‘st davlat – O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligini samimiy tabriklaymiz. Alloh taolo O‘zbekistonga sog‘liq, omonlik, qudrat va baraka ato etib, yana ko‘plab 35 yilliklarni nishonlashni nasib etsin.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston ildizlari asrlarga borib taqaladigan davlat. So‘nggi 35 yilda asrlarga teng islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, keyingi o‘n yil ichida ilm-fan, texnologiyalar, sanoat, iqtisodiyot, turizm va boshqa sohalarda amalga oshirilgan chora-tadbirlarga guvoh bo‘ldik.

Shu munosabat bilan, avvalo, O‘zbekiston Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev janoblarini, shu bilan birga, bu yutuqlarga hissa qo‘shgan barcha rahbarlar va mutaxassislarni, umuman, butun xalqni chin qalbdan tabriklaymiz. Bu yutuqlar butun turkiy dunyo uchun faxr-iftixor hisoblanadi.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda haqiqatan ham ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Ayniqsa, sivilizatsiyamiz gultoji bo‘lgan umumiy madaniy merosimizni asrash, rivojlantirish va uni butun dunyoga tanitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatning nafaqat Turkiy dunyo, balki butun islom olami uchun ham muhim markaz ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.

Qariyb to‘qqiz yil avval Shavkat Mirziyoyev Anqaraga tashrif buyurgan vaqtda men Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) raisi sifatida faoliyat yuritar edim. O‘sha paytda Shavkat Mirziyoyev davlatimiz rahbaridan meni O‘zbekistonga yuborish, TİKA sifatida Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotida o‘z loyihalarimiz bilan ishtirok etishimiz bo‘yicha fikr almashgan.

Shundan so‘ng, Prezident meni qabul qilib, mamlakat kelajagiga oid qarashlari, maqsadlari va rejalarini bayon qilgan. TİKA rahbari bo‘lgan paytimda ham, hozir ham janob Prezidentning mazkur g‘oyalarini amalga oshirishga baholi qudrat hissa qo‘shishga harakat qilib kelayapman.

Bugunga kelib, janob Prezident tomonidan o‘sha paytda, qariyb o‘n yil avval ilgari surilgan ulkan marra va maqsadlarning amalda ro‘yobga chiqqanini ko‘rib turibmiz. Haqiqiy yetakchining belgilagan maqsadlariga qanday erishish mumkinligini raqamlar, statistik maʼlumotlar va amaliy natijalar orqali yaqqol kuzatmoqdamiz.

Bugungi kunda dunyo katta o‘zgarish va yangilanish jarayonini boshdan kechirmoqda. Faqat moddiy boylik insonni baxtli qila olmaydi. Ruhiy xotirjamlik va maʼnaviy barqarorlik ham juda muhim. O‘zbekistonda aynan shu qadriyatlarni iqtisodiyotga, texnologiyaga va zamonaviy shaharsozlikka tatbiq etish borasida so‘nggi o‘n yilda juda katta ishlar amalga oshirildi. Bu, albatta, tahsinga loyiq.

Turkiya fuqarosi va vazirligimiz vakili sifatida birodar o‘zbek xalqiga taraqqiyot yo‘lida yangi, yana-da ulkan yutuqlar yor bo‘lishi, O‘zbekiston bilan do‘stlik aloqalarimiz abadiy davom etishini chin dildan tilayman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish