“Seoul City”: O‘zbekiston yangi global iqtisodiyotda ishonchli investitsiya markaziga aylanmoqda
Avgust 04, 2026. 12:30 • 3 daq
• 50
SEUL, 4-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning nufuzli “Seoul City” nashrida “G20 va O‘zbekiston: yangi iqtisodiy voqelikda investitsiyalar, sanoat va savdo” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, bugungi kunda jahon iqtisodiyoti yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Global taʼminot zanjirlarining qayta shakllanishi, raqamli iqtisodiyot, “yashil” energetika, investitsiyalar uchun raqobat va xalqaro savdo qoidalarining takomillashuvi davlatlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Shu nuqtai nazardan, G20 doirasida muhokama qilinayotgan masalalar O‘zbekiston uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, sanoatni yuqori texnologiyalar asosida rivojlantirish, investitsiyalarni keng jalb qilish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar G20 kun tartibidagi ustuvor yo‘nalishlar bilan hamohangdir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, 2025 yilda mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sdi va 43 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilindi. 2026 yilda yalpi ichki mahsulot hajmining 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Bu natijalar iqtisodiyotning barqaror o‘sishi bilan bir qatorda, O‘zbekistonning xalqaro investorlar uchun ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Nashrda taʼkidlanishicha, investitsiyalarni jalb qilishda institutsional islohotlar ham muhim ahamiyatga ega. Toshkent xalqaro moliya markazining tashkil etilishi, ingliz huquqi elementlarining joriy qilinishi, mustaqil tijorat sudining faoliyat yuritishi, kapitalning erkin harakati va zamonaviy moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yana-da oshirmoqda.
Sanoat sohasida ham O‘zbekiston yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan iqtisodiyotga o‘tishni maqsad qilgan. Yaqin yillarda sanoatda qo‘shilgan qiymatni 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollarga yetkazish, yuqori texnologiyali tarmoqlar ishlab chiqarishini 2,5 barobarga oshirish rejalashtirilgan. 2026 yilda umumiy qiymati 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasini amalga oshirish belgilangan. Bu esa mamlakatning metallurgiya, kimyo, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika, to‘qimachilik, agrosanoat va raqamli infratuzilma sohalarida yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
Tashqi savdo sohasida ham ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. 2026 yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 32,8 milliard dollarga yetdi. Eng muhimi, oltindan tashqari tovarlar eksporti qariyb 30 foizga o‘sdi. Bu mamlakat eksport tarkibida qayta ishlangan sanoat mahsulotlari, to‘qimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar ulushi ortib borayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, transport yo‘laklarini rivojlantirish, logistika xarajatlarini qisqartirish va raqamli tranzit tizimlarini joriy etish eksport raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil bo‘lib qolmoqda.
Maqolada maʼlum qilinishicha, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo bo‘lish jarayoni ham iqtisodiy islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. JSTga aʼzolik mamlakat uchun xalqaro savdo qoidalarining shaffofligini taʼminlash, investorlar ishonchini mustahkamlash, eksportchilar uchun yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va raqobat muhitini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, G20 doirasida muhokama qilinayotgan investitsiya, sanoat, savdo, raqamli iqtisodiyot va barqaror rivojlanish masalalari O‘zbekistonning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi bilan to‘liq uyg‘unlashgan.
Markaziy Osiyoning strategik transport va investitsiya markaziga aylanib borayotgani, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar hamda xalqaro hamkorlikning kengayishi O‘zbekistonning yangi global iqtisodiy sharoitda raqobatbardosh va ishonchli hamkor sifatidagi o‘rnini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi