O‘zbekistonning energetika siyosati BAA investorlari eʼtirofida

May 19, 2026. 14:25 • 2 daq

72
O‘zbekistonning energetika siyosati BAA investorlari eʼtirofida

ABU-DABI, 19-may /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Umid Shodiyev BAAning qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi yirik xususiy kompaniyalaridan biri – “AMEA Power” asoschisi va raisi Hussain Al-Novais bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2016-yilda asos solingan “AMEA Power” kompaniyasi quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiyani saqlash tizimlari, “yashil” vodorod, suvni tozalash loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan.

Kompaniya Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Afrikaning 20 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi. “AMEA Power” qayta tiklanuvchi energetika sohasida eng jadal rivojlanayotgan kompaniyalardan biri sifatida tan olingan va xalqaro “green energy” reytinglarida qayd etilgan.

Uchrashuv davomida kompaniya rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarga berilayotgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u puxta o‘ylangan va oqilona siyosat tufayli mamlakat qisqa vaqt ichida rivojlanishning yangi bosqichiga erishganini taʼkidladi.

Muloqot davomida Hussain Al-Novais O‘zbekistondagi loyihalar samaradorligini yuqori baholab, mamlakatdagi sarmoyaviy faoliyatini yana-da kengaytirish niyatida ekanini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida kompaniya rahbari o‘z jamoasi bilan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish hamda uning doirasida O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan muzokaralar o‘tkazish niyatida ekanini maʼlum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish