Pokiston kompaniyasi Qoraqalpog‘istonda chorvachilik majmuasini tashkil etishni rejalashtirmoqda
May 15, 2026. 09:25 • 3 daq
• 146ISLOMOBOD, 15-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov hamda Pokistonning “Habib Rafiq Pvt. Ltd” bosh ijrochi direktori Muhammad Aslam Malik ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda shuningdek, Pokistonning chorvachilik sohasiga ixtisoslashgan “SK Livestock” kompaniyasi va Multon qishloq xo‘jaligi universiteti mutaxassislari ham qatnashdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, agrar taʼlim, IT hamda telekommunikatsiya sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Qoraqalpog‘iston tomoni hududning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi. Unda mavjud yer maydonlari, suv resurslari, nisbatan arzon elektr energiyasi, mehnat resurslari hamda agrosanoat sohasidagi imkoniyatlar eʼtiborga olingan holda yirik agrar va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun keng sharoitlar mavjudligi qayd etildi.
Pokiston tomoni chorvachilik sohasida go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy chorvachilik kompleksini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Loyiha doirasida Pokistondan zotdor chorva mollarini yetkazib berish, ularni mahalliy iqlim sharoitida ko‘paytirish, go‘sht va sut mahsulotlari sifatini oshirish hamda fermer xo‘jaliklarini zamonaviy yem-xashak bilan taʼminlash tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi Raisi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, hududga 40 ming boshdan ortiq chorva mollarini jalb etishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, chorvachilik kompleksi bilan bir qatorda yem-xashak yetishtirish loyihasini amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bu tashabbus mahalliy fermer xo‘jaliklarini sifatli yem mahsulotlari bilan taʼminlash, chorva mahsuldorligini oshirish hamda ichki bozorda barqaror taʼminotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, kartoshka yetishtirish sohasida Pokiston tajribasini Qoraqalpog‘istonda joriy etish hamda agrar taʼlim va kadrlar tayyorlash yo‘nalishida qo‘shma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Multon qishloq xo‘jaligi universiteti mutaxassislari Qoraqalpog‘istondagi oliy taʼlim muassasalari, jumladan Qoraqalpoq davlat universiteti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
IT va telekommunikatsiya infratuzilmasi sohasida “HRL Group” tomonidan Xo‘jayli tumani va Nukus shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “aqlli shahar” loyihalari doirasida yagona infratuzilma koridori konsepsiyasini joriy etish taklifi ilgari surildi.
Ushbu konsepsiyaga muvofiq, suv taʼminoti, kanalizatsiya, elektr energiyasi, telekommunikatsiya va internet tarmoqlari shaharsozlik jarayonlarida yagona infratuzilma koridori orqali joylashtirilishi nazarda tutilmoqda. Bu muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini samarali boshqarish va xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni boshlash maqsadida Qoraqalpog‘iston vakillarining Pokistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston elchixonasida Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazildi

O‘zbekiston va BAA o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokara o‘tkazildi





