Mazoviya voyevodaligida “Polsha–O‘zbekiston” logistika xabi tashkil etildi
Oktabr 27, 2026. 09:30 • 2 daq
• 129VARSHAVA, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning “ATT Logistics” kompaniyasi bazasida “Polsha—O‘zbekiston” logistika xabi ishga tushirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur xab o‘zbek tadbirkorlarining Yevropa Ittifoqi grant loyihasi doirasida 19–22-oktabr kunlari Polshaga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida tashkil etildi. Mazoviya voyevodaligida joylashgan “ATT Logistics” xalqaro yuk tashish sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. U Yevropa Ittifoqi va MDH yo‘nalishlarida muntazam qatnovlarni amalga oshiradi, “Euro-6” standartidagi 100 tadan ortiq zamonaviy yuk mashinasi hamda 15 ming kvadrat metrdan ziyod ochiq va yopiq ombor maydoniga ega. Yangi xab uchun maxsus 1 ming kvadrat metr maydon ajratildi.
Xab tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, tadbirkorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shuningdek, milliy mahsulotlarni Yevropa bozoriga tizimli va tezkor yetkazib berish hamda Markaziy va Sharqiy Yevropaning yirik savdo tarmoqlariga to‘siqsiz chiqishini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Tashrif doirasida Polsha qishloq xo‘jaligi va qishloqni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Yatsek Chernyak, Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash milliy markazi (KOWR), “Wody Polskie” davlat suv xo‘jaligi va boshqa tashkilotlar rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Delegatsiya Polshaning yetakchi sanoat va savdo obyektlarida bo‘lib, ularning ishlab chiqarish quvvatlari hamda zamonaviy texnologiyalari bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi va kommunal texnika zavodi (“Pronar”), “Dary Natury” kompaniyasi (organik mahsulotlar va dorivor o‘simliklar), “Verifis” korxonalari (modulli mebel tizimlari) va “MOSCIBRODY” (go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash) shular jumlasidandir.
Shuningdek, “Topaz” mintaqaviy savdo tarmog‘i rahbariyati bilan eksport-import masalalari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
Mazkur biznes-missiya Toshkent viloyati va Polsha mintaqalari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





