Pokiston to‘qimachilik kompaniyasi O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor

Iyul 15, 2026. 15:30 • 2 daq

132
Pokiston to‘qimachilik kompaniyasi O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor

ISLOMOBOD, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu davlatdagi “Sadaqat Limited” to‘qimachilik kompaniyasi direktori Xurram Muxtar bilan videokonferensiya shaklida suhbatlashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasida to‘qimachilik sanoati sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, Pokiston investitsiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etish, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish va eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Pokiston vakiliga O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatini modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari, erkin iqtisodiy zonalar hamda sanoat klasterlarining imkoniyatlari taʼkidlandi.

Tomonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlarini Markaziy Osiyo, MDH va Yevropa davlatlari bozorlariga eksport qilish uchun mavjud imkoniyatlar xususida fikr almashdi. Xususan, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqining “GSP+” preferensiyalar tizimidan foydalanayotgani mahalliy mahsulotlarni Yevropa bozoriga imtiyozli shartlar asosida yetkazib berish imkonini yaratayotgani qayd etildi.

Muzokaralarda O‘zbekiston hududlarida qo‘shma to‘qimachilik korxonalarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or boshqaruv tajribasini joriy etish, xalqaro sifat standartlarini tatbiq qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, “Sadaqat Limited” ishtirokida mamlakatimizda past quvvatda faoliyat yuritayotgan to‘qimachilik korxonalarini samarali boshqaruv asosida rivojlantirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

– Kompaniyamiz O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ip-kalava va ayrim turdagi matolarni vositachilar orqali xarid qilib kelgan, – deydi kompaniya rahbari Xurram Muxtar. – Kelgusida O‘zbekistonning yirik ishlab chiqaruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yuqori sifatli ip-kalava va mato mahsulotlarini uzoq muddatli shartnomalar asosida xarid qilish, olti oylik ehtiyojdan kelib chiqqan holda barqaror taʼminot mexanizmini shakllantirishga tayyormiz.

Uchrashuvda “Sadaqat Limited” va yurtimizdagi yirik to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan onlayn muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish