Polsha sanoat kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda qo‘shma korxona tashkil etiladi

Iyun 20, 2026. 13:00 • 2 daq

126
Polsha sanoat kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda qo‘shma korxona tashkil etiladi

VARSHAVA, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. Polshaning “APS Energia” kompaniyasi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) bilan O‘zbekistonda qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risida bitim imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bu haqda Polshaning “Strefa Biznesu”, “Bankier”, “Inwestycje” va “Stockwatch” elektron portallari ma’lum qildi.

Loyiha doirasida ishlab chiqarish-ofis majmuasini qurish hamda Markaziy Osiyo, Afg‘oniston va Kavkaz mamlakatlari bozorlariga xizmat ko‘rsatadigan mintaqaviy elektrotexnika xabini ishga tushirish rejalashtirilgan. Qo‘shma korxonada “APS Energia”ning ulushi 51 foizni, OKMKniki esa 49 foizni tashkil etadi. Birinchi bosqichdagi sarmoya hajmi 15 million AQSH dollariga baholanmoqda.

Ushbu qo‘shma korxona favqulodda elektr ta’minoti tizimlari va sanoat uchun energetika yechimlarini ishlab chiqish va ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Polsha tomonining ishtiroki texnologiyalar va nou-xaularni topshirishni, mahalliy mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutadi.

Qayd etilishicha, loyiha kelgusi yillarda bir necha o‘n million zlotiy miqdorida yillik daromad keltirishi mumkin. Qo‘shma korxona faoliyatini eng qisqa fursatlarda – avvaliga ijaraga olingan binolarda, keyinchalik esa qariyb 8 ming kvadrat metr maydonga ega yangi zavodga ko‘chgan holda boshlashi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, OKMK O‘zbekistonning eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lib, unda 35 mingdan ziyod xodim mehnat qiladi va yillik daromadi taxminan 4,1 milliard dollarni tashkil etadi. Korxona keng ko‘lamli modernizatsiya dasturini amalga oshirayotgani zamonaviy elektr ta’minoti tizimlariga yuqori talabni yuzaga keltirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish