Chendu shahrida birinchi O‘zbekiston–Xitoy chorvachilik forumi bo‘lib o‘tdi

May 20, 2026. 16:55 • 2 daq

79
Chendu shahrida birinchi O‘zbekiston–Xitoy chorvachilik forumi bo‘lib o‘tdi
Chendu shahrida birinchi O‘zbekiston–Xitoy chorvachilik forumi bo‘lib o‘tdi
Chendu shahrida birinchi O‘zbekiston–Xitoy chorvachilik forumi bo‘lib o‘tdi

CHENDU, 20-may. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Sichuan provinsiyasida joylashgan Chendu shahrida xalqaro chorvachilik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi ko‘magida birinchi O‘zbekiston–Xitoy chorvachilik sohasidagi hamkorlik forumi tashkil etildi.

Forumda O‘zbekiston va Xitoyning qishloq xo‘jaligi hamda chorvachilik sohasi mutaxassislari, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, mamlakatimiz viloyatlari hokimliklari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir qatnashchilariga O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy tajribani o‘rganish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yuqori mahsuldorlikka erishish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Xitoylik ishtirokchilar O‘zbekistonda mazkur sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholab, chorvachilik yo‘nalishida hamkorlik qilish va sohaga investitsiya kiritishga qiziqish bildirdi.

Xususan, Xitoy milliy chorvachilik assotsiatsiyasi Bosh kotibi Sha Yuyshen mazkur forum ilk bor o‘tkazilayotganiga qaramasdan, kelgusida ikki mamlakat o‘rtasida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini taʼkidladi.

Forum doirasida soha mutaxassislari o‘rtasida G2B va B2B formatlarida uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazildi. Ularda chorvachilik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish