Pokistonning yetakchi to‘qimachilik kompaniyasi Toshkent shahrida o‘z ofisini ochadi
May 20, 2026. 15:55 • 2 daq
• 81ISLOMOBOD, 20-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning Panjob viloyatiga amalga oshirgan xizmat safari doirasida «Indus Group» kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi va kompaniya ijrochi direktori Abid Hafiz bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot avvalida Pokiston tomoni O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqidagi batafsil maʼlumotlar bilan tanishtirildi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, kompaniyaning Iordaniya va Misrdagi fabrikalari ehtiyoji uchun O‘zbekistondan tayyor matolar yetkazib berish muhokama qildi.
Ijrochi direktor Abid Hafiz kompaniya delegatsiyasi shu yil aprel oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatimizdagi xomashyo bazasi, to‘qimachilik sanoati infratuzilmasi va mahalliy korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, kompaniya O‘zbekistonda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hamda tayyor kiyim-kechak mahsulotlarini Rossiya va Yevropa davlatlari bozorlariga eksport qilishdan manfaatdor.
Shu nuqtai nazardan, kelgusida O‘zbekistonda tayyor kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ularni Rossiya va Yevropa bozorlariga eksport qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida «Indus Group» kompaniyasi rahbariyatining O‘zbekistonga navbatdagi tashrifini tashkil etish, hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilash va mahalliy sheriklar bilan ishlash maqsadida Toshkent shahrida kompaniya ofisini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
«Indus Group» kompaniyasi 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, to‘qimachilik, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, taʼlim hamda ko‘chmas mulk sohalarida faoliyat yuritadi. Kompaniya Pokiston, AQSH, Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniyada ilmiy-tadqiqot va dizayn laboratoriyalariga, shuningdek, Pokiston, Iordaniya, Misr va Kambodjada ishlab chiqarish quvvatlariga ega. Korxonaning 2025-yildagi eksport hajmi 706 million AQSH dollarini tashkil etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







