Logo

Hindiston biznes doiralari vakillari V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etildi

Fevral 17, 2026. 15:49 • 2 daq

152
Hindiston biznes doiralari vakillari V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etildi

DEHLI, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi Hindiston savdo-sanoat palatalari federatsiyasida (Federation of Indian Chambers of Commerce & Industry - FICCI) davra suhbati o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va investitsiyaviy imkoniyatlar taqdimotini o‘tkazishdan iborat bo‘ldi. Mamlakatning eng nufuzli tashkilotlaridan biri hisoblanadigan ushbu uyushmadagi tadbirda Hindiston ishbilarmon doiralarining 50 dan ortiq vakili ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev ishtirokchilarga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida batafsil so‘zlab berdi. Alohida eʼtibor maxsus erkin iqtisodiy zonalar va sanoat parklarining afzalliklariga qaratildi. Ushbu majmualarda xorijiy investorlar uchun ko‘zda tutilgan salmoqli soliq imtiyozlari, preferensiyalar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari qayd etildi.

Shuningdek, to‘qimachilik sanoati, energetika, farmatsevtika, kon-metallurgiya tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi va raqamli texnologiyalar kabi muhim sohalardagi hamkorlik istiqbollari diqqat markazida bo‘ldi.

Diplomat ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini va savdo-iqtisodiy hamkorlik ustuvor yo‘nalishga aylanganini taʼkidladi. Buning yorqin tasdig‘i sifatida 2025-yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo aylanmasi 1,33 milliard AQSh dollariga yetgani qayd etildi. Bu ko‘rsatkich Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modi tomonidan belgilab berilgan strategik vazifalarning amaliy ijrosi bo‘ldi.

“Savol-javob” sessiyasi davomida hind biznesi vakillari O‘zbekistonda tadbirkorlik yuritishning amaliy jihatlari bo‘yicha tushuntirishlar oldi. Kompaniyalar vakillari islohotlarning izchilligi va yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli loyihalarga qiziqish bildirdi.

Hindistonlik tadbirkorlar yaratilgan investitsiya iqlimi strategik sheriklik uchun keng imkoniyatlar ochayotganiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunida FICCI rahbariyati bilan O‘zbekistonga yirik biznes-delegatsiya tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, barcha ishtirokchilar joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga rasman taklif etildi.

O‘zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyishi tadbirga bo‘lgan qiziqishni yana-da oshirib, uchrashuvning mazmunli yakuni bo‘ldi.

1927-yilda Mahatma Gandi tashabbusi bilan tashkil etilgan FICCI hududiy palatalar tarmog‘i orqali 250 mingdan ortiq kompaniyani birlashtiradi va Hindiston biznesi hamda hukumati o‘rtasidagi asosiy ko‘prik hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish