Logo

Malayziyalik investorlar O‘zbekistonda likopin ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda

Fevral 11, 2026. 08:10 • 2 daq

216
Malayziyalik investorlar O‘zbekistonda likopin ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda

KUALA-LUMPUR, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning “Rafahia Holdings Berhad” va “Global Farm Biotech” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda “Rafahia Holdings Berhad” kompaniyasi bosh direktori Azazul Shahrir tarvuz mahsulotlaridan likopin ajratib olish zavodini qurish loyihasi bilan tanishtirdi.

Kompaniya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, likopin farmatsevtikada muhim rol o‘ynaydi, xususan, u saraton hujayralari rivojlanishining oldini olish, yurak-qon tomir tizimini himoya qilish va immunitetni mustahkamlash qobiliyatiga ega. Bundan tashqari, bu modda kosmetologiyada terini yoshartirish va ultrabinafsha nurlaridan himoya qilish uchun, oziq-ovqat sanoatida esa tabiiy bo‘yoq va foydali oziq-ovqat qo‘shimchasi sifatida keng qo‘llaniladi.

Malayziya tomonining taʼkidlashicha, tarvuzdan likopin olish loyihasini amalga oshirish Osiyo mintaqasi uchun noyob bo‘lishi mumkin, chunki hozirgi vaqtda dunyoda likopin olish texnologiyasi asosan pomidorni qayta ishlashga asoslangan.

Hozirda kompaniya bugunga qadar laboratoriya sharoitida tarvuzdan likopin ajratib olish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli yakunlagan. Eʼtiborli jihati, bo‘lajak zavod chiqindisiz texnologiya asosida ishlaydi. Asosiy mahsulot sifatida likopin olinsa, ishlab chiqarish qoldiqlaridan tarvuz sharbatlari va salqin ichimliklar tayyorlanadi. Yakuniy chiqindilardan qishloq xo‘jaligi yerlari uchun organik o‘g‘it ishlab chiqariladi.

Kompaniya rahbariyati moliyaviy va texnik salohiyatga ega mahalliy tadbirkorlarni ushbu tashabbusni amalga oshirishda o‘zaro manfaatli hamkorlikka chaqiradi.

Yuqori konsentratsiyali likopin olish uchun ko‘p miqdorda xomashyo (tarvuz) talab etiladi, bu esa mahalliy fermerlar va dala xo‘jaliklari uchun barqaror va kafolatli sotuvni taʼminlaydi.

Ushbu loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini berishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish