“Rossiyskaya gazeta”: O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi
Noyabr 02, 2026. 20:00 • 2 daq
• 215
MOSKVA, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. Nufuzli “Rossiyskaya gazeta” nashrida “Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlarining ilmiy hamkorligini kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida ochilgan Xalqaro ta’lim forumi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida sifatli ta’limni Markaziy Osiyo taraqqiyotining asosiy sharti deb atagan.
Davlat rahbari ta’lim O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini qayd etgan. “Yaqinda alohida Farmon qabul qilib, maktabgacha va maktab ta’limi, kasbiy va oliy ta’lim hamda ilm-fan boshqaruvini yagona tizimga birlashtirdik. Shu tariqa boshlang‘ich bilim va tarbiya olishdan yetuk mutaxassis va olim bo‘lib shakllanish davrigacha bo‘lgan ma’rifiy bosqichlarning uzviy bog‘liqligini ta’minlashni maqsad qilganmiz”, — deya Prezident so‘zlaridan iqtibos keltirgan nashr.
Mintaqaviy hamkorlik haqida gapirar ekan, davlat rahbari suv resurslari tanqisligi, energetika xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va mehnat bozoridagi texnologik o‘zgarishlar kabi chaqiriqlar sa’y-harakatlarni birlashtirishni taqozo etishini ta’kidlagan. U universitetlar sherikligini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, talabalar va olimlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
“Bizning bu sohadagi strategik maqsadimiz – Markaziy Osiyoni o‘zaro ishonch va do‘stlik diyoriga, ilm-ma’rifat, yuksak texnologiyalar va innovatsiyalar birlashgan umumiy intellektual makonga aylantirishdir”, — deya Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zlari bilan xulosa qilingan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi