Myunxen shahrida “Usbekistan-Forum 2026 In München” forumi bo‘lib o‘tdi

Noyabr 01, 2026. 10:30 • 2 daq

• 250
Myunxen shahrida “Usbekistan-Forum 2026 In München” forumi bo‘lib o‘tdi
Myunxen shahrida “Usbekistan-Forum 2026 In München” forumi bo‘lib o‘tdi
Myunxen shahrida “Usbekistan-Forum 2026 In München” forumi bo‘lib o‘tdi

MYUNXЕN, 1-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Bavariya federal hududiga tashrifi doirasida O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov Myunxen shahrida tashkil etilgan “Usbekistan-Forum 2026 In München” forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida “Klett EDU GmbH” kompaniyasi tomonidan “Ost-West-Wirtschaftsforum” bilan hamkorlikda Bavariya parlamenti (Landtag) joylashgan tarixiy “Maximilianeum” binosida o‘tkazildi.

Forumda Bavariyaning sobiq Yevropa ishlari va xalqaro aloqalar bo‘yicha davlat vaziri, Landtag deputati Erik Baysvenger, Germaniya Bundestagi deputati Shtefan Mayer, mintaqaviy parlament vakillari, tibbiyot muassasalari, korxonalar va kasb-hunar ta’limi tashkilotlari rahbarlari, vatandoshlar hamda jurnalistlar qatnashdilar.

Ishtirokchilarga O‘zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy salohiyati, boy tarixi hamda turistik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Bavariya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, ishbilarmon doiralar va ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Kasb-hunar ta’limi, mehnat migratsiyasi va malakali kadrlarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. “Klett EDU” vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ta’lim loyihalari va kelajakdagi rejalar haqida so‘zlab berdilar. Tomonlar mutaxassislarni tayyorlash va ishga joylashtirish mexanizmlarini muhokama qildilar.

Shuningdek, Germaniyada kasbiy ta’lim olayotgan yosh o‘zbekistonlik fuqarolar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Bavariya mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tibbiyot va parvarish, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda logistika sohalarida kadrlar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish istiqbollari ko‘rib chiqilindi.

Forum doirasida nemis nashriyotining vakili Xolger Krechmar O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va turistik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi hamda mamlakatimiz bo‘yicha yangi maxsus qo‘llanma-kitobni tanishtirdi. Taniqli nemis arxitektori va noshiri, professor Filipp Moyzer Toshkentning shaharsozlik tarixi va arxitektura merosi xususida ma’ruza qildi.

Tadbir yakunida mehmonlar uchun maxsus dasturxon yozilib, o‘zbek milliy taomlari, jumladan, osh tortildi. Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqot davomida ishtirokchilar o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish