Yangi Toshkent loyihasi Latviya tadbirkorlarida katta qiziqish uyg‘otdi

Noyabr 01, 2026. 15:30 • 2 daq

• 175
Yangi Toshkent loyihasi Latviya tadbirkorlarida katta qiziqish uyg‘otdi

RIGA, 1-noyabr. /“Dunyo” AA/. Elchixona tomonidan Latviya Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, investitsiyaviy salohiyati hamda istiqbolli loyihalariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, qo‘shma investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy loyihalar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ishtirokchilar e’tibori yirik shaharsozlik loyihasi – Yangi Toshkentga qaratildi. Ushbu loyihaning strategik ahamiyati va xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasidagi sa’y-harakatlarga bag‘ishlangan alohida taqdimot namoyish qilindi.

Taqdimotda loyiha konsepsiyasi, asosiy parametrlari, infratuzilma tarkibiy qismlari, qurilishning ustuvor yo‘nalishlari, xorijiy kompaniyalarni loyihaning alohida tarkibiy qismlarini amalga oshirishga jalb etish imkoniyatlari batafsil yoritildi.

Mazkur loyiha Latviya ishbilarmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ular Yangi Toshkent loyihasining investitsiyaviy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish hamda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Uchrashuv so‘nggida yurtimizdagi investitsiya loyihalari bilan yaqindan tanishish, yangi qurilayotgan obyektlarga tashrif buyurish hamda tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy ishbilarmonlar bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida joriy yilning noyabr–dekabr oylarida Latviya tadbirkorlari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish