O‘zbekistonda yo‘l bitumini ishlab chiqarish bo‘yicha Vengriya texnologiyasini joriy etish rejalashtirilmoqda
Noyabr 02, 2026. 17:30 • 2 daq
• 217
BUDAPЕSHT, 2-noyabr. / “Dunyo” AA/. Budapeshtda Vengriyaning “MOL Group” kompaniyasi rahbariyati va yurtimizning “SHB ROAD INVEST” kompaniyasi vakillari o‘rtasida O‘zbekistonda yo‘l qurilishi uchun rezina bilan modifikatsiyalangan bitum (RMB) ishlab chiqarish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish borasidagi sa’y-harakatlar doirasida O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida tashkil etildi. Ko‘rib chiqilayotgan loyihaning qiymati 35 million dollarni tashkil etadi.
RMB texnologiyasi eskirgan avtomobil shinalarini qayta ishlash orqali olinadigan rezina uvoqlaridan yo‘l bitumiga qo‘shimcha sifatida foydalanishni nazarda tutadi. Bunday yondashuv yo‘l qurilishi materiallarini ishlab chiqarishda ikkilamchi xomashyoni qo‘llash imkonini beradi.
Diplomatlarning sa’y-harakatlari natijasida loyihaga O‘zbekiston tomonidan hamkor sifatida “SHB ROAD INVEST” kompaniyasi jalb etildi. Tomonlar ushbu texnologiyani O‘zbekistonda joriy etish masalasini kelgusida birgalikda puxta ishlab chiqishni ko‘zda tutuvchi hamkorlik memorandumini imzoladilar.
Mazkur tashabbusning amalga oshirilishi zamonaviy yo‘l qurilishi materiallarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, avtomobil shinalarini qayta ishlash hajmini kengaytirish hamda ikki mamlakat korxonalari o‘rtasidagi texnologik aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mamlakatimiz elchixonasi kompaniyalarning o‘zaro hamkorligiga va erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha amaliy qadamlarni ishlab chiqishga ko‘maklashishda davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi