Qozog‘iston elchisi O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlamoqda
Iyul 27, 2026. 15:13 • 2 daq
• 54
TOSHKENT, 27-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Qozog‘iston elchisi Beybut Atamkulovni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Beybut Atamkulov janoblarini mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi yakunlanayotgani munosabati bilan qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Elchining yurtimizdagi faoliyati O‘zbekiston–Qozog‘iston munosabatlarida muhim tarixiy davrga to‘g‘ri keldi. Xususan, 2022 yil 22 dekabrda davlatlarimiz o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.
Ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli shaxsiy hissasi uchun Elchi janoblariga samimiy minnatdorlik bildirdik.
Diplomatning bu boradagi xizmatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari tomonidan yuksak baholanib, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani alohida eʼtirofga loyiq.
Elchi janoblarini O‘zbekistonning samimiy do‘sti va o‘z ishining yuksak professionali sifatida qadrlab qolamiz va kelgusi faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz”.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yildan buyon Toshkentdagi elchixonaga rahbarlik qilib kelayotgan Beybut Atamkulovning o‘rnini Qozog‘iston Prezidentining 2026-yil 22-iyuldagi farmoni bilan O‘zbekistonga elchi etib tayinlangan 63 yoshli Yerali Tugjanov egallaydi.
“Dunyo” AA olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi