Yaponiyaning 15 ta yetakchi transport va logistika kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Oktabr 16, 2026. 19:38 • 2 daq
• 228
TOKIO, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Tokiodagi elchixonasida Yaponiyaning “Onodera User Run” kompaniyasi prezidenti Djun Kato bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida transport, logistika va mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda joriy yilning 15–20-noyabr kunlari Djun Kato boshchiligida Yaponiyaning 15 ta yetakchi transport va logistika kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi kelishib olindi.
Safar davomida mehmonlar mamlakatimizning transport infratuzilmasi, yo‘lovchi tashish tizimi va haydovchilarni tayyorlash amaliyoti bilan yaqindan tanishishlari ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralarda qator uchrashuvlar o‘tkazish, shu jumladan, “Onodera User Run” kompaniyasining Toshkent shahridagi “Our Blooming Academy Uzbekistan” o‘quv markazida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik nomzodlarni Yaponiya kompaniyalariga ishga joylashtirish istiqbollarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish, yuqori malakali o‘zbekistonlik mutaxassislarni Yaponiya mehnat bozoriga jalb etish va yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi