O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev haqidagi kitob qirg‘iz tilida nashr etildi
Iyul 22, 2026. 09:30 • 2 daq
• 130BISHKEK, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Bishkekdagi Aliqul Usmonov nomidagi Milliy kutubxonada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev haqidagi mashhur “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” (“New Uzbekistan: The Way of Shavkat Mirziyoyev”) kitobining qirg‘iz tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligi yozishicha, tadbirda Qirg‘iziston davlat kotibi Arslon Koychiyev, madaniyat vaziri o‘rinbosari Salkin Sarnogoyeva, Qirg‘izistonning Toshkentdagi elchisi Duyshonqul Chotonov, O‘zbekistonning Bishkekdagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev hamda ikki mamlakatning ilmiy va ijodiy ziyolilari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati, taqdim etilayotgan nashrning ilmiy-tahliliy ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Qayd etilganidek, kitobning qirg‘iz tilida chop etilishi Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning yanada rivojlanishiga hamda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi maʼnaviy-intellektual aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Kitob O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, davlat boshqaruvi tizimidagi islohotlar, mamlakat rivojlanishining strategik yo‘nalishlari hamda xalqaro hamkorlikka doir yangicha yondashuvlarga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-tahliliy asardir.
Xalqaro siyosiy maydonda katta qiziqish uyg‘otgan ushbu nashr avvalroq ingliz, arab, rus va boshqa tillarda chop etilib, yetakchi xalqaro platformalarda taqdim qilingan edi.
Kitob taqdimotlari Vashingtonda AQSh Kongressi kutubxonasida va yirik tahliliy markazlarda o‘tkazildi. Yevropada esa nashr Jenevadagi BMTning Millatlar saroyida namoyish etildi. Shuningdek, kitob Pokiston va Turkiya ilmiy jamoatchiligi tomonidan zamonaviy siyosiy jarayonlarni aks ettiruvchi asar sifatida yuqori baholandi.
Taʼkidlanishicha, kitob siyosatshunoslar, diplomatlar, ilmiy xodimlar, talabalar hamda zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyoti, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni va Markaziy Osiyoda yuz berayotgan jarayonlarni o‘rganishga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi uchun qimmatli manba hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
















