O‘zbekiston–Misr tarixiy-madaniy aloqalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi
Iyul 22, 2026. 08:10 • 2 daq
• 137QOHIRA, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida “Tarix va madaniyat ko‘prigi: O‘zbekiston–Misr” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda taniqli ekspertlar, sharqshunos olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari, shoir va yozuvchilar, shuningdek, Qohirada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Anjuman doirasida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy Ipak yo‘li shaharlari, ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mamlakatimizning ulkan sayyohlik salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ishtirokchilar e’tiboriga mavzuga oid maxsus videoroliklar ham namoyish etildi.
Tadbir davomida O‘zbekistonning boy madaniy-ma’naviy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan qator asarlar taqdimoti o‘tkazildi. Xususan, Baxtiyor Rasulov, Muhayyo Ortiqova va Asror Allayorov hammuallifligidagi “Andijan Polka: Tradition, Values, and Modernity” (“Andijon polkasi: an’ana, qadriyat va zamonaviylik”) monografiyasi hamda Binafsha Bozorovaning “Zulfiya: A Melodic Voice of Friendship” (“Zulfiya: do‘stlik tarannumchisi”) kitobi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu bilan birga, YUNYESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xorazm raqs san’atiga bag‘ishlangan “Xorazm lazgi san’ati: yuksalish yillari” kitobi, Hindistonda nashr etiladigan “SUZ.IN” xalqaro ilmiy jurnali ham taqdim etildi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Misr qadimiy tamaddunlar beshigi sifatida jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganini ta’kidladi. Qayd etilganidek, mazkur qo‘shma loyiha ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida tomonlar ilmiy va ijodiy doiralar o‘rtasidagi muloqotni yanada faollashtirish hamda istiqbolli nashriyot loyihalarini muntazam amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



