O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tgan yig‘ilishda aholi bandligi va daromadini oshirish bo‘yicha ishlar tanqidiy tahlil qilindi
Sentabr 09, 2026. 19:05 • 6 daq
• 33
TOSHKENT, 9-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, 3-sentyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda hududlarda ishni tashkil etish tartibi tubdan o‘zgartirilib, asosiy vakolat va resurslarni tuman darajasiga tushirish belgilangandi.
Yangi tizimga muvofiq, har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etilib, bandlik idoralari va iqtisodiy kompleks tashkilotlari odamlarni ish bilan taʼminlash va daromadini oshirish masalalarini joyning o‘zida hal qilishi lozim.
Bugungi yig‘ilishda ana shu vazifalar ijrosi, shtablar faoliyati va joylarda mavjud imkoniyatlardan foydalanish holati tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, barcha hududlarda shtablar ish boshladi. Ularning faoliyatini samarali tashkil etish uchun iqtisodiy kompleksdan har bir viloyatga 2 nafardan, jami 28 nafar masʼul rahbar biriktirildi. Islohotlar shtabi, vazirliklar, banklar va mahalliy hokimliklar yangi tizim asosida ishni boshlagan.
Shu bilan birga, ayrim rahbarlar hali ham ishni kabinetdan turib tashkil etayotgani, mahallaga tushib, har bir oila va har bir korxonadagi haqiqiy holatni oʻrganmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Davlatimiz rahbari bunday yondashuv bilan natijaga erishib boʻlmasligini taʼkidladi.
Hokimlar kambagʻallik masalasiga faqat ijtimoiy reyestr nuqtayi nazaridan qaramasligi zarurligi qayd etildi. Ijtimoiy reyestr aholini qoʻllab-quvvatlash vositasi, kambagʻallikni qisqartirish esa oilani barqaror daromad manbaiga bogʻlash, ish oʻrni, infratuzilma hamda sharoit yaratish bilan bogʻliq kompleks vazifadir.
Yigʻilishda har bir tumanda tayyor imkoniyatlarni ishga solish orqali bandlikni oshirish mumkinligi aniq misollar asosida koʻrsatib oʻtildi.
Jumladan, Qoʻshkoʻpir tumanida 43 million yevroga qurilgan, 1 ming 300 ta ish oʻrniga moʻljallangan toʻqimachilik korxonasi yil boshidan buyon ishlamay turgani tanqid qilindi. Korxona faoliyati tiklansa, bank tomonidan krizis-menejer jalb etilib, u toʻliq quvvatga chiqarilishi mumkin.
Shu kabi 124 ta korxonaning 6 trillion soʻmlik aktivlariga qoʻyilgan cheklovlarni qayta koʻrib chiqish va ularni bank boshqaruviga berish orqali 10 ming ish oʻrnini tiklash imkoniyati borligi qayd etildi.
Oqoltin tumanidagi “Oqoltin mega tekstil” korxonasi misolida ham banklar balansiga oʻtgan tayyor obyektlarni qismlarga boʻlib sotish oʻrniga ularni qayta ishga tushirish orqali yuzlab odamlarni band qilish mumkinligi koʻrsatildi.
Umuman, davlat banklari balansida 10 trillion soʻmlik 2,5 mingga yaqin mol-mulk mavjud. Ularni samarali ishga solish orqali 40 mingtagacha ish oʻrni tiklanishi mumkin.
Mutasaddilarga bir hafta muddatda qarzdorlik hisobiga banklar balansiga oʻtgan korxonalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish, yil yakuniga qadar ularni yaxlit ishlab chiqarish sifatida sotish yoki menejer tayinlab, faoliyatini tiklash choralarini koʻrish topshirildi.
Qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila aʼzosini ishga olgan korxonalar uchun 1-oktabrdan ushbu xodim boʻyicha ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz boʻlishi belgilandi.
Yigʻilishda xususiy sektor imkoniyatlaridan samarali foydalanishga ham eʼtibor qaratildi. Oqoltin tumanida tadbirkor tomonidan 880 oʻrinli xususiy maktab tashkil etilib, kambagʻal oilalarning 110 nafar farzandi bepul oʻqitilayotgani ijobiy misol sifatida keltirildi.
Ushbu tashabbusning muhim sharti shundaki, bepul taʼlim olayotgan bolaning ota-onasi ishga joylashishi, farzandining muntazam darsga qatnashini taʼminlashi kerak. Natijada ota-ona ishli boʻladi, farzand esa sifatli taʼlim oladi.
Hazorasp tumanidagi tikuvchilik korxonasida 400 ta boʻsh ish oʻrni borligi, biroq bola parvarishi bilan bogʻliq sharoit yetarli emasligi sababli koʻplab ayollar ishga chiqa olmayotgani qayd etildi. Korxona rahbari bogʻcha tashkil etish uchun yer ajratilsa, ayollar uchun ovqatlanish va transport sharoiti yaratishga tayyorligini bildirgan.
Shu munosabat bilan tadbirkorlar bogʻcha, maktab va texnikum tashkil etish boʻyicha tayyor loyihalar taklifi bilan chiqib, ehtiyojmand oila farzandlarini bepul oʻqitmoqchi boʻlsa, davlat yer uchastkalarini 1 million soʻm boshlangʻich narx bilan auksionga chiqarishga tayyor ekani taʼkidlandi.
Aholi bandligini oshirishda servis sohasining imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Koʻp qavatli uylarning birinchi qavatida sartaroshxona, goʻzallik saloni, kichik doʻkon, atelye, poyabzal va maishiy texnika ustaxonasi kabi odamlarga qulay xizmat turlarini tashkil etish mumkin. Biroq amalda xonadonni noturar joyga oʻtkazish uchun ortiqcha tartiblar va ruxsatlar talab etiladi.
Shu bois, koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatidagi xonadonlarni noturar joy toifasiga oʻtkazmasdan, savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif etildi. Bunda xabardor qilishning oʻzi yetarli boʻladi.
Mutasaddilarga bir oy muddatda bunday xonadonlarda tashkil etilishi mumkin boʻlgan xizmat turlari roʻyxati va xavfsizlik talablarini ishlab chiqish topshirildi.
Yigʻilishda tuman va mahalla darajasida ishni tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar ham belgilab berildi. Avvalo, har bir hududda toʻliq ishlatilmayotgan yoki boʻsh turgan bino-inshootlar, shuningdek, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni kengaytirish mumkin boʻlgan yer maydonlarini aniqlab, ularni yangi loyihalarga bogʻlash zarurligi taʼkidlandi.
Tuman va mahallalarning gavjum koʻchalarida master-rejalar asosida tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish, tarixiy shaharlar va turizm mahallalarida koʻchalarni “eski shahar” uslubida taʼmirlab, mehmon uylari, savdo va servis shoxobchalarini koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.
Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida eski bogʻlar va qarovsiz yerlarni yangilash, har bir gektardan olinadigan daromadni oshirish muhimligi qayd etildi. Bu orqali yerdan samarali foydalanish, hosildorlikni koʻpaytirish va qishloq aholisi uchun qoʻshimcha manba yaratish mumkin.
Koʻp qavatli uylar atrofidagi boʻsh joylarni aniqlab, oʻzboshimchalik bilan egallangan hududlarni tartibga keltirish, umumiy foydalanishdagi bolalar maydonchalari, sport va fitness hududlari, yashil maydonlar tashkil etish hamda koʻchalarni yoritish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Aholini sogʻlom turmush tarziga jalb etish, mahalla va koʻchalarda ommaviy yurish, jismoniy mashqlar, ertalabki va kechki badantarbiya mashgʻulotlarini yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi.
Maktab, texnikum, oliygoh va boshqa tashkilot binolarining boʻsh xonalarida, asosiy xonalarning darsdan tashqari vaqtlarida yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolarni kasb-hunar hamda tillarga oʻqitish muhitini yaratish vazifasi belgilandi.
Har bir mahallada jamoatchilik ishlariga befarq boʻlmagan faol fuqarolar va oqsoqollar borligi, ularni mahalla atrofida jipslashtirish orqali odamlarni ezgu tashabbuslarga jalb etish, boqimandalik va befarqlikka barham berish mumkinligi taʼkidlandi.
Yaqinda imzolangan Prezident farmoni bilan mahalla tizimi bilan ishlash boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosari lavozimi joriy etildi. Unga tayinlangan masʼul rahbar oldiga hokimlar, tuman idoralari, “mahalla yettiligi” va banklar faoliyatini yagona tizimda muvofiqlashtirish, ular yuritayotgan elektron platformalarni birlashtirish vazifasi qoʻyildi.
Bundan buyon mahallaga tegishli masalalar boʻyicha “yettilik”ni muvofiqlashtiruvchi rahbarlar tomonidan alohida-alohida yigʻilishlar oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Barcha masalalar haftada bir marta Bosh vazir oʻrinbosari boshchiligida barcha rahbarlar ishtirokida muhokama qilinadi.
Mamlakatimiz yetakchisi mahallada ishni toʻgʻri tashkil etish, davlat siyosatini eng quyi boʻgʻingacha yetkazish va har bir oilani barqaror daromad manbaiga bogʻlash barcha darajadagi rahbarlar uchun eng muhim vazifa ekanini taʼkidladi.
Yigʻilishda joylardagi islohotlar shtabi, hududlar rahbarlari, tuman va shahar hokimlari hamda mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi