“Orta Lectura”: O‘zbekiston global texnologik autsorsing bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda

Oktabr 08, 2026. 13:00 • 2 daq

• 46
“Orta Lectura”: O‘zbekiston global texnologik autsorsing bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda

MADRID, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning “Orta Lectura” tahliliy-axborot portalida O‘zbekistondagi texnologik autsorsing hamda dasturiy ta’minot ishlab chiqish borasidagi islohotlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda ichki IT bozoridan global texnologik autsorsing markaziga aylanish yo‘lidan bormoqda. Bugun mamlakatda dasturiy ta’minot ishlab chiqish bilan bir qatorda BPO, KPO, kreativ industriyalar va professional xizmatlar eksporti ham jadal rivojlanmoqda.

Sohadagi o‘sish sur’atlari bu o‘zgarish ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi. IT xizmatlari autsorsingi hajmi 2019-yildagi 3,2 mln dollardan 2025-yilda 716,4 mln dollarga yetdi. Shu davrda IT kompaniyalari soni 369 tadan 3 400 taga, ko‘rsatilayotgan IT xizmatlari hajmi esa 2,8 mlrd dollarga yetdi.

O‘zbekistonning eng muhim raqobat ustunliklaridan biri – mehnat resursidir. Mamlakat aholisining 60 foizga yaqini 30 yoshgacha bo‘lgan aholi hisoblanadi. Mehnatga layoqatli aholi soni 21 mln nafar atrofida.

Bugun mamlakatda 220 dan ortiq universitet faoliyat yuritib, ularning 145 tasida IT yo‘nalishlari mavjud. Har yili IT sohasi bo‘yicha qariyb 25 ming mutaxassis tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, 350 mingdan ortiq kishi xorijiy tillarni o‘rganmoqda. Mamlakatdagi IT mutaxassislari soni esa 500 ming nafarga yaqinlashgan.

Bu holat O‘zbekistonga nafaqat arzon ishchi kuchi, balki turli yo‘nalishlarda malakali va til bilimiga ega jamoalarni tez shakllantirish imkonini bermoqda.

Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekistonda autsorsing endi faqat dasturlash bilan cheklanmaydi. BPO segmentida 540 dan ortiq kompaniya va 14,5 mingdan ziyod mutaxassis ishlamoqda. 2020-yilda bu ko‘rsatkich atigi 136 nafar edi.

Hozirda “IT Park Uzbekistan” tizimida 4 mingdan ortiq kompaniya, jumladan, 75 mamlakatdan kelgan 1,1 mingdan ziyod xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniya faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 56 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan.

Bu raqamlar O‘zbekistonning oddiy xizmat ko‘rsatuvchi bozordan xalqaro kompaniyalar uchun uzoq muddatli operatsion maydonga aylanayotganini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish