O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro fond birjalariga chiqishi bo‘yicha yangi imkoniyatlar ko‘rib chiqildi
Oktabr 08, 2026. 11:30 • 2 daq
• 26
LONDON, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida “Jefferies” xalqaro investitsiya bankining Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasi bo‘yicha rahbari Dominik Lester bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida moliya va kapital bozori sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro kapital bozoridagi ishtirokini kengaytirish hamda mamlakatning investitsion salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Dominik Lester “UzNIF”ning London fond birjasidagi “IPO”si xalqaro kapital bozori ishtirokchilari tomonidan ijobiy qabul qilinganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mazkur operatsiya O‘zbekistonga nisbatan xorijiy investorlarning qiziqishini oshirish, mamlakatdagi investitsiya imkoniyatlari haqida xalqaro moliya hamjamiyatining xabardorligini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
“UzNIF”ning muvaffaqiyatli “IPO”sida davlat tomonidan ko‘rsatilgan barqaror qo‘llab-quvvatlash muhim omil bo‘lgani qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston kompaniyalarining kelgusida xalqaro fond birjalarida listingdan o‘tishi uchun mustahkam zamin yaratayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan mamlakatda xalqaro kapital bozorlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish va investitsion muhitni yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr-mulohaza almashildi. Ushbu muassasani mintaqadagi yetakchi moliya markazlaridan biriga aylantirish, xalqaro investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda mamlakatning global kapital bozorlariga integratsiyalashuvini kengaytirishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Muloqot yakunida moliya va kapital bozorlari sohasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, xalqaro investorlar bilan aloqalarni kengaytirish hamda O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro kapital bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi