O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining 150 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi
Oktabr 08, 2026. 12:30 • 2 daq
• 44TOSHKЕNT, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining 150 yilligiga bag‘ishlangan “XXI asrda muzeyshunoslik: tadqiqotlar, an’analar va innovatsiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyada O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlardan muzeyshunoslik, tarix, arxeologiya, restavratsiya hamda madaniy merosni muhofaza qilish sohalari mutaxassislari qatnashdi. Ishtirokchilar safida Qozog‘iston, Eron, Tojikiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, AQSh, Yaponiya kabi davlatlarning milliy muzeylari vakillari ham bor.
Anjuman davomida muzeyshunoslikni rivojlantirishning zamonaviy tamoyillari, tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va asrab-avaylash, muzey fondlarini ilmiy tadqiq etish, soha faoliyatiga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Arxeologik qazishmalar va tarixiy-madaniy obyektlarni muzeylashtirish, muzey to‘plamlarini o‘rganish, meros namunalarini konservatsiya hamda restavratsiya qilish, materiallarni raqamli talqin etish, etnografik, folklor va moddiy-ma’naviy merosni zamonaviy muzey makonida namoyish etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar tarixiy manbalar, arxeologik materiallar va muzey eksponatlariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar bilan chiqish qilib, o‘zaro tajriba almashdilar hamda madaniy merosni o‘rganish va asrash sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollarini muhokama etdilar.
Tadbir doirasida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining 150 yilligiga bag‘ishlangan videorolik taqdimoti ham o‘tkazildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



