Naoya Shibamura: O‘zbekiston sportchilarining qo‘lga kiritgan yuksak natijalaridan juda mamnun bo‘ldim

Oktabr 08, 2026. 14:00 • 2 daq

• 74
Naoya Shibamura: O‘zbekiston sportchilarining qo‘lga kiritgan yuksak natijalaridan juda mamnun bo‘ldim

TOKIO, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston futbol chempionatida to‘p surgan ilk yaponiyalik futbolchi, hozirda “FC Ryukyu” klubi ijroiya direktori bo‘lib faoliyat yuritayotgan Naoya Shibamura Yaponiyaning Aychi va Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sport delegatsiyasining muvaffaqiyatli ishtiroki haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“O‘tmishda O‘zbekistonda professional futbolchi sifatida to‘p surgan inson sifatida Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining ishtirokini diqqat bilan kuzatib bordim. Ular qo‘lga kiritgan yuksak natijalardan juda mamnun bo‘ldim”, – deydi u.

Naoya Shibamura erkaklar futboli bo‘yicha O‘zbekiston va Yaponiya terma jamoalari o‘rtasidagi yarim final uchrashuviga alohida to‘xtalib o‘tdi.

“O‘zbekiston futbolchilari Yaponiyaga qarshi 1:1 hisobida yakunlangan o‘yinda juda kuchli va teng kurash olib bordi. Penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, jamoaning yuqori darajadagi uyushqoqligi, taktikasi, har bir o‘yinchining individual mahorati va oxirigacha matonat bilan kurashgani menda katta taassurot qoldirdi”, – deya ta’kidladi yaponiyalik futbolchi.

U O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov bilan O‘zbekiston chempionatida raqib sifatida maydonga tushgani va u bilan yaqindan tanish ekanini ham eslab o‘tdi.

“Haydarov doimo kuchli, harakatchan va jangovor jamoa shakllantira oladigan, yuksak murabbiylik mahoratiga ega ajoyib mutaxassis”, – dedi Naoya Shibamura.

Yaponiyalik futbol mutaxassisi O‘zbekiston sportchilarining Osiyo o‘yinlaridagi munosib ishtirokiga yuksak baho berib, mamlakat sportining kelgusida yanada muvaffaqiyat qozonishiga omad tiladi. 

Naoya Shibamura 2012–2013-yillarda “Paxtakor” va “Buxoro” jamoalarida faoliyat yuritgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish