Belarusning Mogilyov shahrida “Yangi Toshkent” loyihasining investitsiyaviy imkoniyatlari taqdim etildi

Noyabr 22, 2026. 13:00 • 2 daq

• 251
Belarusning Mogilyov shahrida “Yangi Toshkent” loyihasining investitsiyaviy imkoniyatlari taqdim etildi

MOGILYOV, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. Belarusning Mogilyov shahrida “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” davlat muassasasi vakillari ishtirokida “Yangi Toshkent” loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Belarus Savdo-sanoat palatasining Mogilyov bo‘limida o‘tkazilgan tadbirda “Mogilevoblselstroy”, “Mogilevgrajdanproyekt”, “Stroytrest-Xolding”, “Promjilstroy” va “Mogilevskiy DSK” kabi 10 ta yirik qurilish hamda loyihalash tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdilar. 

Ularga yangi shaharda zamonaviy turar joy, ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini barpo etish, shuningdek, energiya tejamkor va “aqlli” texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha investitsiyaviy imkoniyatlar taqdim etildi.

Taqdimot yakunida Belarus ishbilarmon doiralari loyihada ishtirok etish istiqbollarini o‘rganib chiqishi hamda joyida amaliy muzokaralar o‘tkazish uchun kelgusi yil yanvar oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishiga kelishib olindi.

Bundan tashqari, Belarus Savdo-sanoat palatasi Mogilyov bo‘limi raisi Gennadiy Cherniy bilan kechgan suhbat chog‘ida viloyat korxonalari O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan yanvar oyidagi delegatsiya tarkibiga ushbu soha tadbirkorlarini ham kiritish rejalashtirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish