O‘zbekiston va Hindiston Toshkent o‘tkaziladigan Hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishiga tayyorgarlikni jadallashtirmoqda

Iyun 13, 2026. 11:00 • 2 daq

126
O‘zbekiston va Hindiston Toshkent o‘tkaziladigan Hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishiga tayyorgarlikni jadallashtirmoqda

DEHLI, 13-iyun. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston Savdo va sanoat vazirligi Savdo departamenti rahbari Mohit Yadav bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tomonlar yaqin kunlarda uyushtiriladigan qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi.

Muloqotning asosiy mavzusi joriy yil 18-iyun kuni Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston–Hindiston Hukumatlararo komissiyasining 14-yig‘ilishiga qaratildi. Tomonlar yaqin hamkorlik olib borayotgani va barcha tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda, shuningdek, Hindistonning nufuzli delegatsiyasi V Toshkent xalqaro investitsiya forumi va O‘zbekiston–Hindiston biznes-forumida faol ishtirok etishiga alohida urg‘u berildi.

Mohit Yadav bo‘lajak qo‘shma tadbirlarning ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashning muhim mexanizmi sifatidagi rolini yuqori baholadi. Hindiston delegatsiyasi tarkibini raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, energetika, ta’lim, to‘qimachilik, farmatsevtika, transport va logistika tarmoqlari vakillari hisobiga kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston elchixonasi mamlakatimizning eksport salohiyatini ilgari surish maqsadida O‘zbekiston biznes vakillarining Hindistondagi yirik investitsiya va ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirokini kengaytirish tashabbusini ilgari surdi. Hindiston tomoni ushbu taklifni katta qiziqish bilan qo‘llab-quvvatladi va uni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Toshkentda Hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishi, biznes-forum va boshqa qo‘shma tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etishni ta’minlashga tayyor ekanini tasdiqladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish