Pokistonning yirik savdo tarmog‘i supermarketlarida “Made in Uzbekistan” bo‘limi ochiladi
Oktabr 25, 2026. 09:10 • 3 daq
• 135
ISLOMOBOD, 25-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning yirik savdo tarmoqlaridan biri – “Al-Fatah” kompaniyasi bosh direktori Muhammad Anis bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Pokiston bozoriga yetkazib berish, ularni ushbu kompaniya savdo tarmog‘i orqali sotishni yo‘lga qo‘yish va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qandolat mahsulotlari, quritilgan mevalar va yong‘oqlar, yangi meva-sabzavotlar, dukkakli ekinlar, konserva, murabbo, tomat pastasi, asal, o‘simlik yog‘i, qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari hamda boshqa iste’mol tovarlarini “Al-Fatah” savdo tarmog‘iga yetkazib berish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
“Al-Fatah” kompaniyasi rahbariyati O‘zbekistonda yetishtiriladigan va ishlab chiqariladigan quritilgan mevalar, yong‘oq, qishloq xo‘jaligi va qandolat mahsulotlariga yuqori qiziqish bildirdi. Shuningdek, milliy uslubda tayyorlanadigan keramika mahsulotlari ham Pokiston bozorida talabga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan istiqbolli yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Tomonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan, ichki bozorda tanilgan va eksport salohiyatiga ega tayyor brend mahsulotlarini “Al-Fatah” tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldi. Shu bilan birga, O‘zbekiston korxonalarida “Al-Fatah” brendi ostida quritilgan mevalar, yong‘oqlar, dukkakli mahsulotlar va boshqa oziq-ovqat tovarlarini qadoqlash loyihasini amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.
– Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan yana biri — “Al-Fatah”ning Lahor, Islomobod va kelgusida Pokistonning boshqa shaharlaridagi yirik savdo nuqtalarida “ Made in Uzbekistan” maxsus savdo bo‘limlarini tashkil etish bo‘ladi, – dedi Muhammad Anis. – O‘zbekiston mahsulotlarining Pokiston bozorida hali keng tarqalmaganini inobatga olgan holda, ular uchun alohida savdo bo‘limining tashkil etilishi mahalliy pokistonlik xaridorlarda katta qiziqish uyg‘otishi mumkin. Dastlab bir nechta mahsulot turini qamrab olgan pilot loyihani amalga oshirish, savdo natijalari va iste’molchilar talabini tahlil qilish asosida mahsulotlar turini va savdo nuqtalari sonini bosqichma-bosqich kengaytirish maqsadga muvofiq.
Uchrashuvda O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan halol kolbasa va boshqa qayta ishlangan go‘sht mahsulotlarini Pokiston bozoriga eksport qilish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Belgilangan import, sanitariya va halol sertifikatlash talablariga rioya etilgan taqdirda, ushbu mahsulotlarni “Al-Fatah” savdo tarmog‘ida sinov tariqasida sotish imkoniyatlarini o‘rganish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
“Al-Fatah” savdo tarmog‘i 1941-yilda tashkil etilgan. Mazkur savdo tarmog‘i bugungi kunda Pokistonning yirik va taniqli chakana savdo tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya oziq-ovqat mahsulotlari bilan bir qatorda maishiy texnika, kosmetika, o‘yinchoqlar, sayohat buyumlari va boshqa iste’mol tovarlarini sotishga ixtisoslashgan.
Hozirda kompaniyaning Pokistonning yirik shaharlarida 35 ta savdo nuqtasi, shuningdek, franchayzing asosida faoliyat yuritayotgan 11 ta do‘koni mavjud.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi