Yoxannesburgda ilk O‘zbekiston – Janubiy Afrika biznes forumi bo‘lib o‘tdi
Sentabr 28, 2026. 08:10 • 3 daq
• 296YOXANNESBURG, 28-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Yoxannesburg shahrida O‘zbekiston va Janubiy Afrika Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan ilk O‘zbekiston–Janubiy Afrika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir JAR Savdo, sanoat va raqobatbardoshlik vazirligi, Janubiy Afrika savdo-sanoat palatasi hamda "Minara" savdo palatasi ko‘magida tashkil etildi.
Unda tog‘-kon sanoati, energetika va neft-gaz kimyosi, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, agrosanoat va oziq-ovqat sektori kabi ustuvor tarmoqlarda faoliyat yurituvchi davlat tuzilmalari va kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekistonning Janubiy Afrika Respublikasidagi elchisi Ashraf Xodjayev, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Roksana Nesor, JAR Savdo, sanoat va raqobatbardoshlik vazirligi departamenti rahbari Yunus Xuseyn, Janubiy Afrika savdo-sanoat palatasining bosh ijrochi direktori Alan Mukoki, shuningdek, boshqa rasmiy shaxslar va ishbilarmon doiralar vakillari so‘zga chiqdilar.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari, investitsiyaviy imkoniyatlar va eksport salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, xorijiy hamkorlarga O‘zbekiston va JAR o‘rtasida o‘zaro savdo hajmini oshirish, yangi bozorlarga chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda xususiy sektor vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatlari taqdim etildi.
Taqdimotlar doirasida O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasidagi imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ishtirokchilar "IT Park Uzbekistan" faoliyati, uning rezidentlari uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, mamlakatning mintaqaviy IT-markaz sifatidagi salohiyati bilan tanishdilar.
Forum doirasida ikki mamlakat davlat tuzilmalari, ishbilarmon doiralar vakillari va xususiy kompaniyalari o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Tomonlar savdo-iqtisodiy munosabatlarni faollashtirish, tadbirkorlar o‘rtasida muntazam muloqotni o‘rnatish, shuningdek, investitsiya va eksport loyihalarini ilgari surish bo‘yicha fikr almashdilar.
Forum yakunida O‘zbekiston va JAR o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalariga amaliy mazmun bag‘ishlashga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, joriy yilning oxiriga qadar Janubiy Afrika biznes-missiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish rejalashtirildi.
Tadbir doirasida "Sasol", "DepiJet", "Scaw Metals Group", "Dentons South Africa", "Sobek Group", "Green Energy Worldwide", "FZB Textiles", "Fehz Holding" va "AMC Mining" kabi kompaniyalar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralar chog‘ida ayrim tarmoqlarda hamkorlik qilish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro savdoni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ilk O‘zbekiston – Janubiy Afrika biznes-forumi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot uchun muhim maydon yaratdi. Tadbir davomida ilgari surilgan tashabbuslar va belgilab berilgan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari O‘zbekistonning Afrika bozorlaridagi iqtisodiy ishtirokini kengaytirish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish hamda Janubiy Afrika Respublikasi bilan savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




