Pokiston kompaniyasi Xivada «aqlli shahar» loyihasini amalga oshirishni boshladi

Sentabr 27, 2026. 12:30 • 2 daq

• 282
Pokiston kompaniyasi Xivada «aqlli shahar» loyihasini amalga oshirishni boshladi

ISLOMOBOD,-27-sentyabr. /»Dunyo» AA/.  Pokistonning yirik qurilish va infratuzilma kompaniyalaridan biri — «Habib Rafiq Engineering (Pvt.) Ltd.» Xorazm viloyatining Xiva shahrida «aqlli shahar» barpo etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlarini boshladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mazkur investitsiya loyihasi O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi, Xorazm viloyati hokimligi va «Habib Rafiq Engineering (Pvt.) Ltd.» o‘rtasida kechgan uzoq muddatli va samarali muzokaralarning amaliy natijasidir.

Loyiha Xiva shahri hududini kengaytirish hamda zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida yangi shahar qismini barpo etishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, hududda zamonaviy turar joy majmualari, ijtimoiy va tijorat obyektlari, ilg‘or transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, kommunal xizmat ko‘rsatish hamda aholi uchun zarur bo‘lgan boshqa maskanlarni bosqichma-bosqich qurish rejalashtirilgan.

Tashabbusni amaliy jihatdan ilgari surish maqsadida elchixona ko‘magida «HRL» kompaniyasi delegatsiyasining Xorazm viloyatiga bir necha bor tashriflari uyushtirildi. Safarlar davomida loyihani amalga oshirish uchun ajratilayotgan hududlar joyiga chiqqan holda o‘rganildi va Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Kompaniya loyihani amalga oshirish jarayonida Pokistonda yirik shaharsozlik va infratuzilma obyektlarini barpo etish sohasida to‘plagan boy tajribasidan keng foydalanishni maqsad qilgan.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi uzoq muddatli hamda o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklikning yana bir amaliy samarasini namoyon etadi. Pokistonlik investorlarning shaharsozlik va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi salohiyati Xiva shahrini innovatsion va qulay shahar muhitiga aylantirish jarayoniga munosib hissa qo‘shadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish