“Arab Times” gazetasi: Toshkent O‘zbekiston va Kuvaytning savdo-investitsiyaviy sherikligini mustahkamlash maydoniga aylanadi
Noyabr 09, 2026. 19:30 • 2 daq
• 4
AL-KUVAYT, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning “Arab Times” gazetasida “Toshkent xalqaro biznes-forumi: kuvaytlik kompaniyalar uchun hamkorlik imkoniyatlari” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, joriy yilning 30-noyabridan 4-dekabriga qadar Toshkent shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashkilotchiligida “Yangi O‘zbekiston: global bozorlar chorrahasida” xalqaro biznes-forumi o‘tkaziladi. Tadbirning asosiy maqsadi Kuvayt ishbilarmon doiralariga mahalliy ishlab chiqaruvchilar, eksportyorlar va investorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, shuningdek, istiqbolli kooperatsiya loyihalarini muhokama qilish uchun imkoniyat yaratishdan iborat.
Qayd etilishicha, “O‘zekspo” ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tadigan forumning ishbilarmonlik dasturi ikkita asosiy bosqichga (30-noyabr – 1-dekabr va 3–4-dekabr) bo‘lingan bo‘lib, savdo, investitsiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, logistika, energetika, raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlash kabi keng ko‘lamli sohalarni qamrab oladi. Ishtirokchilar uchun B2B va B2G formatlarida manzilli uchrashuvlar tashkil etish, sanoat obyektlariga tashrif buyurish, shuningdek, “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmasi ekspozitsiyasi bilan tanishish ko‘zda tutilgan.
Maqolada kuvaytlik rekruting kompaniyalari va ish beruvchilarni jalb etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ixtisoslashtirilgan panel sessiyalarida uyushgan mehnat migratsiyasi kanallarini rivojlantirish, malakalarni o‘zaro tan olish, mutaxassislarni xorijiy ish beruvchilarning talablariga muvofiq ravishda kasbiy va til jihatidan tayyorlash masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Muallif tashkilotchilar Kuvayt delegatsiyasi uchun viza ko‘magi, transfer va besh tilda sinxron tarjimani o‘z ichiga olgan kompleks logistik qo‘llab-quvvatlashni ta’minlayotganini ta’kidlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi