Nagoyalik tadbirkorlar O‘zbekistonga biznes-missiya uyushtirishni rejalashtirmoqda
Sentabr 23, 2026. 18:00 • 2 daq
• 167
NAGOYA, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Nagoya shahrida Yosh tadbirkorlar maktabi (Seikeijuku) tomonidan mahalliy tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Aichi prefekturasi va unga yondosh hududlardagi yetakchi kichik va o‘rta korxonalar rahbarlari, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi diplomati maxsus taqdimot bilan ishtirok etdi.
1974-yilda tashkil etilgan Seikeijuku o‘tgan vaqt davomida tadbirkorlar o‘rtasida ishbilarmonlik va biznes boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Ushbu maktab boshqaruv va shaxsiy fazilatlarni rivojlantirish, korporativ tamoyillar va uzoq muddatli ishbilarmonlik aloqalarini shakllantirishga qaratilgan uch yillik ta’lim dasturini amalga oshiradi.
Forum doirasida diplomatlar O‘zbekistonning iqtisodiyot va investitsiya sohasidagi imkoniyatlarini taqdim etib, amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar, iqtisodiy o‘sish dinamikasi, xorijiy investorlar uchun soliq va bojxona imtiyozlari, erkin iqtisodiy va maxsus sanoat zonalari faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Kichik va o‘rta biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Taqdimotdan so‘ng savol-javoblar sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar O‘zbekistonning geografik joylashuvi, uning yosh aholisi salohiyati va jadal o‘sib borayotgan ichki iste’mol bozoriga alohida qiziqish bildirdi.
Forum davomida Seikeijuku rahbariyati va tadbir ishtirokchilari dekabr oyida Yaponiya biznes delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldi.
Tashrif chog‘ida tadbirkorlar Toshkent shahri va mamlakatimizning boshqa hududlariga borib, yetakchi korxonalar va investitsiya loyihalari bilan tanishish, o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Tashkilotchilar forum va Yaponiya delegatsiyasining kelgusi tashrifi ikki mamlakat kichik va o‘rta biznes vakillari o‘rtasida yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi