Atilla Gyuney: O‘zbekiston aviatsiya sohasida ishbilarmonlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda

Iyun 21, 2026. 13:00 • 2 daq

152
Atilla Gyuney: O‘zbekiston aviatsiya sohasida ishbilarmonlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda

TOSHKЕNT, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. 16–18-iyun kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etgan Turkiyaning “GNY Aerospace Havacilik Hizmetleri Limited Şirketi” kompaniyasi asoschisi va boshqaruvchi direktori Atilla Gyuney “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi.

– So‘nggi olti-yetti yil davomida O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi sohasining rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bordim. Mamlakat rahbariyatining mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha so‘nggi yondashuvlari bilan tanish ekanman, bu yo‘nalishda biznes va investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar yaratilganini ta’kidlamoqchiman.

Aynan shuning uchun kompaniyamiz Toshkentda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan, tor fyuzelyajli samolyotlar uchun asosiy komponentlardan biri bilan bog‘liq maxsus loyihani ishlab chiqdi. Bu yerga birinchi marta kelishim. Forum jarayonini kuzatar ekanman, yurtingizda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun yetarli shart-sharoitlar mavjudligiga amin bo‘ldim.

Ayniqsa, forum doirasida tashkil etilgan sanoat ko‘rgazmasi menda katta taassurot qoldirdi. Ishonchim komilki, ushbu tashrifdan so‘ng O‘zbekistonda yangi biznes imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha faoliyatimizni yanada jadal davom ettiramiz.

Umuman olganda, V Toshkent xalqaro investitsiya forumi jahon miqyosida, yuksak saviyada tashkil etildi. Bunday yirik tadbirlar ishbilarmonlarga mintaqada o‘z biznesi va investitsiya faoliyatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish