Logo

Baxtiyor Ibragimov: O‘zbekiston–Qozog‘iston aloqalari izchil taraqqiy etayotgan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga tayanadi

Aprel 22, 2026. 20:25 • 7 daq

140
Baxtiyor Ibragimov: O‘zbekiston–Qozog‘iston aloqalari izchil taraqqiy etayotgan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga tayanadi

TOSHKENT, 22-aprel. /“Dunyo” AA/.  Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amaliy tashrifi arafasida O‘zbekistonning Ostonadagi elchisi Baxtiyor Ibragimov “Dunyo” axborot agentligi muxbiri savollariga javob berdi:

– O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik anʼanalari, umumiy tarixiy ildizlar va maʼnaviy-madaniy qadriyatlarga asoslangan. Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari qanday qilib yangi mazmun bilan boyitilmoqda va uning ustuvor yo‘nalishlari nimalardan iborat?

– O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotgan strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan. Ikki mamlakatni nafaqat geografik yaqinlik, balki tarixiy ildizlar, umumiy madaniy qadriyatlar va o‘zaro manfaatlar ham birlashtirib turadi. Shu bois, bugungi kunda davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro ishonch, ochiqlik va konstruktiv muloqot asosida tobora mustahkamlanib bormoqda.

Har ikki mamlakat mintaqaning iqtisodiy yetakchilari hisoblanadi. Ularning jami iqtisodiy salohiyati taxminan 450 milliard dollarni tashkil etadi. Bu esa ikki davlatning barqarorligi va taraqqiyoti butun mintaqaning umumiy barqarorligi bilan uzviy bog‘liq ekanidan dalolat beradi.

Hozirgi vaqtda ikki tomonlama munosabatlarda hal etilmagan murakkab masalalar mavjud emas. Aksincha, mavjud salohiyatdan ikki mamlakat xalqlari farovonligini taʼminlash, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotni mustahkamlash yo‘lida samarali foydalanish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Shu bois, asosiy eʼtibor raqobatga emas, balki o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilmoqda.

– Bugungi kunda Qozog‘iston O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri sifatida alohida o‘rin tutadi. Ikki mamlakat o‘rtasida qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Aytingchi, hozirda qaysi yangi yo‘nalishlar va istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda?

– Bugungi kunda Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yirik savdo sheriklaridan biridir. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar aylanmasi hajmi taxminan 5 milliard dollarni tashkil etdi.

Davlatlarimiz rahbarlari tomonidan ushbu ko‘rsatkichni o‘rta muddatli istiqbolda, xususan, 2030-yilga borib 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Bu, shubhasiz, yuksak marra, biroq mavjud iqtisodiy salohiyat va o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari unga erishish uchun yetarli asos yaratadi.

Shu munosabat bilan, 2026-yilda tovar aylanmasi o‘sishini kamida 20 foizga taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Ushbu ko‘rsatkichlar hukumatlararo kelishuvlar hamda aniq hisob-kitoblar asosida mustahkamlangan bo‘lib, elchixonalar faoliyati samaradorligining asosiy mezonlaridan biri sifatida qaralmoqda.

– Bugungi kunda elchixona faoliyatida qaysi yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat berilmoqda? Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy loyihalar va yangi tashabbuslar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Eksport salohiyatini kengaytirish faoliyatimizning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu munosabat bilan, joriy yil yakuniga qadar eksport hajmini 1 milliard 600 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning 2025-yil noyabr oyidagi tashrifi yakunlariga ko‘ra, umumiy qiymati taxminan 8 milliard dollarlik yangi investitsiyaviy loyihalar to‘plami shakllantirilmoqda. Ushbu loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan.

Sanoat kooperatsiyasi, xususan, avtomobilsozlik sohasidagi hamkorlik muhim yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Jumladan, “UzAuto Motors” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Cobalt” va “Onix” avtomobillari uchun butlovchi qismlarni yig‘ish va mahalliylashtirish, so‘ngra ularni Qozog‘iston bozorida sotish bo‘yicha loyihalar hayotga tadbiq etilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligida “General Motors” brendi ostida ishlab chiqarilgan avtomobillar o‘tgan yilning kuzida Qozog‘iston bozorida eng xaridorgir modellardan biriga aylandi va o‘z segmentida yetakchi o‘rinlarni egalladi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasining amaliy natijasini yaqqol namoyish etadi.

Ikkinchi yirik yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikdir. O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil avgust oyidagi tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Qozog‘iston shimolidagi Qo‘stanay viloyatida O‘zbekiston tomoniga 50 ming gektar yer maydoni ajratildi. Ushbu yerlarni o‘zlashtirish ishlari izchil olib borilmoqda va hozirdanoq ijobiy natijalar bermoqda.

Ushbu yutuqlarning barchasi, eng avvalo, Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan izchil va pragmatik siyosat natijasidir. Bunday eʼtirof nafaqat milliy ekspertlar, balki xalqaro tahliliy markazlar tomonidan ham taʼkidlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonning tashqi siyosati Markaziy Osiyoda hamkorlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi asosiy platformalardan biriga aylandi.

– Qozog‘iston Prezidentining tashriflari davomida shunday bir fikr bildirilgan edi: Qozog‘istonda agar bilimli va komil insonni tasavvur qilsangiz, u albatta Toshkentni ko‘rgan bo‘ladi, degan ibora mavjud. Buni Toshkentning Markaziy Osiyodagi yirik ilm-fan markazlaridan biri sifatidagi tarixiy roliga ishora sifatida ham qarash mumkin...

– Noyabr oyidagi tashrif doirasida Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ishtirokida o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ham shu kabi mazmundagi fikrlar alohida taʼkidlangan edi. Umuman olganda, Qozog‘iston yetakchisi O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga, uning tarixi va madaniyatiga katta hurmat bilan qaraydi hamda O‘zbekiston rahbariyati shaʼniga hamisha samimiy va yuksak eʼtirofga loyiq so‘zlarni bildiradi.

Ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan birgalikda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat O‘zbekistonga, balki butun mintaqaga xizmat qiladi. U Markaziy Osiyo xalqlarining – qozoq, o‘zbek, qirg‘iz, tojik va boshqa elatlarning tamaddun merosini birlashtiruvchi hamda barcha uchun birdek tegishli bo‘lgan umumiy maʼnaviy va ilmiy makondir.

Shu nuqtai nazardan, markazga tashrif buyurgan qo‘shni davlatlar rahbarlari uning mazmun-mohiyati, ko‘lami va g‘oyaviy ahamiyatidan chuqur taassurot olganlarini izhor etdilar.

– Bugungi kunda Qozog‘istonning Turkiston shahridagi Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qilayotgan o‘zbekistonlik sayyohlar soni ortib borayotgani kuzatilmoqda. Agar ilgari ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar asosan yaxshi qo‘shnichilik doirasida ko‘rilgan bo‘lsa, endilikda ular yana-da teran, birodarlik xarakteriga ega bo‘lib borayotgandek. Ijtimoiy tarmoqlarda ham Qozog‘iston aholisining O‘zbekiston haqidagi samimiy va iliq fikrlariga tez-tez duch kelyapmiz. Siz bu jarayonlarni qanday baholaysiz?

– Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasi va majmuasi yaqinda Qozog‘iston hukumati tomonidan restavratsiya qilinib, meʼmorchilik, infratuzilma va umumiy ko‘rinish jihatidan zamonaviy talablarga muvofiq to‘liq yangilandi. Shubhasiz, bu noyob va tarixiy ahamiyatga molik obyektdir.

Shu munosabat bilan “ziyorat turizmi” tushunchasini ham alohida qayd etish lozim. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan iqtisodiy diplomatiya doirasida uchta asosiy ustuvor yo‘nalish — eksport, investitsiya va turizm belgilab berilgan. Shu tariqa, turizm strategik jihatdan muhim bo‘lgan KPI yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan qozog‘istonlik sayyohlar soni 2 million 600 ming kishiga yetdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘istonga safarlari ham faol davom etmoqda. Bu ikki xalq yaqinligining amaliy ifodasidir.

Bunda ziyorat turizmi alohida ahamiyatga ega. Bu shunchaki sayohat emas, balki maʼnaviy va diniy qadriyatlarga asoslangan tizimli ziyoratlardir. O‘zbekistondagi Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Buxorodagi “Yetti pir” ziyoratgohlari, Qozog‘istonda esa Xo‘ja Ahmad Yassaviy majmuasi shunday tabarruk maskanlar sirasiga kiradi.

Shu bois, o‘zbekistonlik ziyoratchilarning aksariyati o‘z safar dasturlariga Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qilishni maqsadli ravishda kiritmoqdalar. Bu ikki xalqning tarixiy, madaniy va maʼnaviy jihatdan naqadar yaqin ekanining yorqin namoyishidir.

– Malayziya, arab va boshqa islom mamlakatlaridan kelayotgan sayyohlar nafaqat O‘zbekistonga, balki Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi tarixiy hamda tabarruk qadamjolarga ham tashrif buyurishi haqida fikrlar mavjud. Ushbu jarayonni Markaziy Osiyoda turistik va madaniy integratsiyaning chuqurlashishi sifatida baholash mumkinmi?

– Shubhasiz, bu juda o‘rinli kuzatuv. Men ilgari turizm sohasida faoliyat yuritganman. 2022-yilda Turizm vazirligi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlaganman. Shu bois bu yo‘nalishdagi jarayonlar va muammolardan yaxshi xabardorman.

O‘z vaqtida ishlab chiqilgan “Oltin halqa” turistik yo‘nalishi aynan ziyorat turizmini rivojlantirish hamda Samarqand, Buxoro va Turkiston kabi muhim markazlarni birlashtirishga qaratilgan edi. Bugungi kunda ushbu yo‘nalish faoliyat ko‘rsatishda davom etmoqda. Biroq ilgari logistika sohasida muayyan qiyinchiliklar mavjud edi  aviaqatnovlar sonining kamligi va transport infratuzilmasining cheklangani sayyohlarning harakatlanish imkoniyatlariga (mobilligiga) taʼsir ko‘rsatgan.

Hozirgi vaqtda ushbu yo‘nalishda salmoqli o‘zgarishlar yuz bermoqda. Buxoro, Samarqand va Toshkent o‘rtasida “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlari faol qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda Xiva yo‘nalishida ham yuqori tezlikdagi temir yo‘l qatnovini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Toshkentdan Turkistonga va Xo‘ja Ahmad Yassaviy majmuasiga boradigan yo‘nalishga to‘xtaladigan bo‘lsak, ilgari bu yerda ham muayyan qiyinchiliklar mavjud edi. Asosiy chegara o‘tkazish punktlari  O‘zbekistondagi “G‘ishtko‘prik” va Qozog‘istondagi “Jibek Joli” majmualari zamon talablariga to‘liq javob bermay qolgan edi.

Shu bois, 2025-yil boshida ushbu chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari boshlandi va joriy yil davomida o‘tkazuvchanlik quvvati kuniga 50 ming kishigacha bo‘lgan yangi, zamonaviy ikki tomonlama majmua foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, sayyohlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Turkistondan Toshkentga, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva va Urganch yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish borasida ish olib borilmoqda. Bu yo‘ldagi vaqt sarfini sezilarli darajada qisqartiradi va ziyorat safarlarining qulayligini oshiradi.

Umuman olganda, turizm sohasida, ayniqsa, ziyorat yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda va ushbu sohada belgilangan vazifalarning ijrosi eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish